AGI (Artificial General Intelligence) - umumiy sunʼiy intellekt tushunchasi boʻlib, odatda insonga xos keng doiradagi kognitiv vazifalarni bajarish va yangi bilimlarni oʻzlashtirish imkoniyatiga ega sunʼiy intellekt tizimlarini ifodalash uchun qoʻllanadi.
OpenAI bosh direktori Sem Altmanning fikricha, bunday texnologiyaning ilk koʻrinishlari 2026-yil oxiriga qadar paydo boʻlishi mumkin.
Altman TIME jurnalida chop etilgan materialda OpenAI kompaniyaning oʻzi AGI deb hisoblaydigan mezonlarga mos ichki tizimni yaratishni rejalashtirayotganini aytgan.
Shu bilan birga, hozircha umumiy sunʼiy intellektning barcha mutaxassislar tomonidan qabul qilingan yagona taʼrifi mavjud emas.
OpenAI AGIʼni iqtisodiy ahamiyatga ega boʻlgan aksariyat faoliyat turlarida insonlardan ustun boʻla oladigan yuqori darajada avtonom tizimlar sifatida taʼriflaydi.
Kompaniya vakillari AGIʼni yaratish yoʻlida sezilarli natijalarga erishilganini bildirmoqda. OpenAI bosh ilmiy xodimi Mark Chenning bahosiga koʻra, kompaniya AGI yaratish maqsadiga taxminan 80 foiz yaqinlashgan.
OpenAI hammuassisi va prezidenti Greg Brokman esa kompaniya oʻz rejalarini amalga oshira olsa, kelajakda 2026-yil oxiri AGI paydo boʻlgan davr sifatida baholanishi mumkinligini aytgan.
Kompaniya bu yoʻnalishdagi istiqbolli ishlanmalaridan biri sifatida kelajakdagi Astra modellari lineykasini koʻrsatmoqda.
OpenAI bosh ilmiy xodimi Yakub Paxotskining taʼkidlashicha, Astra tadqiqotga oid vazifalarni hozirning oʻzida stajyor darajasida bajara oladi.
Altman esa mijozlarning bir guruhiga modelning dastlabki versiyasi namoyish etilgan tadbirda Astra yangi va ahamiyatli narsalarni ixtiro qilishga qodir boʻlgan birinchi model boʻlishi mumkinligini aytgan.
Uning fikricha, bunday qobiliyatlar tizimni AGI tushunchasiga juda yaqinlashtiradi.
Biroq OpenAIʼning ushbu bayonotlari hozircha mustaqil ravishda tasdiqlanmagan. Kompaniya Astra imkoniyatlari batafsil bayon qilingan texnik hisobotni ham hali eʼlon qilmagan.
Shu sababli AGI 2026-yil oxirigacha yaratilishi haqidagi baho hozircha OpenAI rahbarlari va mutaxassislarining prognozlari boʻlib qolmoqda.











