Kimyo, neft-kimyo va neft-gazni qayta ishlash sanoatining xavfli ishlab chiqarish obyektlarida avariyalar va noxush hodisalarni tasniflash boʻyicha uslubiy tavsiyalar loyihasi ishlab chiqildi.
Hujjatdan koʻzlangan asosiy maqsad avariya va noxush hodisalarni bir-biridan farqlash mezonlarini belgilash, shuningdek amaldagi normativ-texnik hujjatlardagi atama va talablarni qonunchilikka muvofiqlashtirishdan iborat.
Loyiha kimyo, neft-kimyo, neft va gazni qayta ishlash sanoatining xavfli ishlab chiqarish obyektlari, shuningdek boshqa sanoat tarmoqlaridagi portlash, yongʻin va zararli kimyoviy obyektlardan foydalanuvchi korxona va tashkilotlarga tatbiq etilishi nazarda tutilgan.
Hujjatda amaldagi qonunchilikdan kelib chiqib, avariya inshootlar yoki xavfli ishlab chiqarish obyektlarida foydalaniladigan texnik qurilmalarning buzilishi, nazorat qilib boʻlmaydigan portlash yoki xavfli moddalarning ajralib chiqishi sifatida belgilangan.
Noxush hodisa esa texnik qurilmaning ishdan chiqishi yoki shikastlanishi, texnologik jarayon rejimidan chetga chiqish, shuningdek sanoat xavfsizligi sohasidagi qonunchilik va normativ-texnik hujjatlar talablarining buzilishini anglatadi.
Kimyo, neft-kimyo va neft-gazni qayta ishlash sanoatida portlashlar, yongʻinlar, xavfli moddalarning chiqishi, shuningdek inshootlar, texnik qurilmalar yoki ularning elementlari buzilishi avariyalar qatoriga kiritiladi.
Loyihaga koʻra, chang-gaz-havo aralashmasining alangalanib portlashi avariya sifatida tasniflanadi. Bunday hodisa texnologik tizimda, ishlab chiqarish binosida yoki ochiq maydonda sodir boʻlishi mumkin.
Texnologik jarayon parametrlarining belgilangan meyorlardan chetga chiqishi oqibatida apparat yoki texnologik tizim ichidagi reaksion muhitning portlashi ham avariya hisoblanadi.
Shuningdek, yongʻin va portlash xavfi boʻlgan moddalarning toʻkilishi bilan bogʻliq, moddiy zarar yetkazadigan yoki odamlar hayoti va sogʻligʻi, jamiyat manfaatlari hamda atrof-muhitga zarar keltiradigan nazoratsiz yonish holatlari ham ushbu toifaga kiritiladi.
Kimyoviy xavfli, portlovchi va yonuvchi moddalarning chiqishi yoki oqib ketishi ham avariya sifatida baholanishi mumkin.
Bundan tashqari, portlash yoki yongʻin bilan bogʻliq boʻlmagan holda texnologik asbob-uskunalar va quvurlar, binolar va inshootlarning toʻliq yoki qisman buzilishi ham avariyalar tasnifiga kiritilmoqda.







