Markaziy bank Omonatlarni kafolatlash agentligi tomonidan kafolatlangan omonatlar boʻyicha kompensatsiyalar toʻlash tartibi va shartlarini belgilashni nazarda tutuvchi nizom loyihasini ishlab chiqdi.
Hujjatda kompensatsiyalarni toʻlashga tayyorgarlik koʻrish, kafolatlanadigan omonatlar va kompensatsiya miqdorini aniqlash, omonatchilar reyestrini shakllantirish, shuningdek Omonatlarni kafolatlash agentligi, banklar, tugatuvchi va agent-banklar oʻrtasidagi hamkorlik tartibi belgilanmoqda.
Loyihaga koʻra, bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya chaqirib olinib, bankni majburiy tugatish toʻgʻrisida Markaziy bank qarori qabul qilinishi «kafolatlash hodisasi» hisoblanadi.
Shunday holat yuz berganda omonatchi Agentlikdan kafolatlangan omonati boʻyicha kompensatsiya talab qilish huquqiga ega boʻladi.
Kompensatsiya milliy valyutada toʻlanadi. Agar omonat chet el valyutasida boʻlsa, kompensatsiya kafolatlash hodisasi yuz bergan kundagi Markaziy bank kursi boʻyicha soʻmga qayta hisoblanadi.
Loyihada bir bankda bir omonatchiga toʻlanadigan kompensatsiyaning eng yuqori miqdori 200 mln soʻm etib belgilanmoqda.
Agar kafolatlangan omonat qoldigʻi 200 mln soʻm yoki undan kam boʻlsa, uning toʻliq miqdori kompensatsiya qilinadi. Omonat 200 mln soʻmdan koʻp boʻlsa, kompensatsiya 200 mln soʻmni tashkil etadi.
Bir omonatchining bir bankda bir nechta kafolatlangan omonati boʻlsa, kompensatsiyani aniqlashda ular jamlanadi. Chet el valyutasidagi omonatlar ham soʻmga qayta hisoblanib, milliy valyutadagi omonatlarga qoʻshiladi.
Mazkur 200 mln soʻmlik chegara jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarning 2025-yil 19-fevraldan boshlab qoʻyilgan tegishli omonatlariga nisbatan qoʻllanilishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, jismoniy shaxslarning 2025-yil 19-fevraldan oldin qoʻyilgan omonatlariga ushbu chegara umumiy qoida tariqasida tatbiq etilmaydi. Loyihada bundan ayrim istisnolar ham belgilangan.
Nizom loyihasiga koʻra, jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxslarning banklarda milliy va chet el valyutasidagi omonatlari kafolatlash obyekti hisoblanadi.
Bank omonati yoki bank hisobvaragʻi shartnomasi boʻyicha hisoblangan, ammo kafolatlash hodisasi yuz berguniga qadar toʻlanmagan foizlarning qoldigʻi ham belgilangan shartlarda hisobga olinadi.







