AQSH maʼmuriyati boshpana soʻrab murojaat qilgan 200 ming nafar xorijlikning vizasini bekor qilishga tayyorgarlik koʻryapti, deya xabar berdi Associated Press.
Agar bu amalga oshsa, Qoʻshma Shtatlar tarixidagi eng yirik bir martalik ommaviy vizalarni bekor qilish jarayoni boʻladi.
Yaqin kunlarda Davlat departamenti 2016-yildan 2026-yilgacha boʻlgan davrda berilgan B1 va B2 toifasidagi vizalar bekor qilinishini eʼlon qilishi kutilyapti. Ushbu qaror sud daʼvolariga yoʻl ochishi va jiddiy yuridik toʻsiqlarga duch kelishi taxmin qilinyapti.
Maʼlumot uchun, B1 - biznes vizasi. AQShga biznes uchrashuvlari, konferensiyalar, muzokaralar, shartnoma tuzish kabi vaqtinchalik biznes maqsadlarida borish uchun beriladi. B2 esa - turistik viza. Sayohat, dam olish, qarindosh yoki doʻstlarni koʻrish, shuningdek ayrim tibbiy muolajalar uchun taqdim etiladi.
«AQShga qisqa muddatli sayohat bilan kelganini daʼvo qilib, keyinchalik doimiy yashash uchun boshpana soʻrab ariza topshirgan xorijliklarning noimmigratsion vizalarini aniqlash va bekor qilish» boʻyicha Ichki xavfsizlik vazirligi bilan harakatlarimizni muvofiqlashtiryapmiz», deya taʼkidlagan Davlat departamenti matbuot kotibi Tommi Pigott.
Qayd etilishicha, vizalarning bekor qilinishi darhol deportatsiya qilinishni anglatmaydi. Hozirda boshpana berish toʻgʻrisidagi ishlari koʻrib chiqilayotgan shaxslarning aksariyati boshqa toifaga oʻtkaziladi va oʻzlarining ishbilarmon yoki sayyoh maqomini yoʻqotadi.









