O‘zbekistonning 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat terma jamoasi Osiyo Kubogi finaliga chiqolmadi.

19 may kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘tkazilgan Yaponiyaga qarshi yarimfinal o‘yini 28-daqiqasida Asilbek Aliyev penaltidan hisobni ochdi. Shundan so‘ng, o‘zbekistonliklar so‘nggi soniyalargacha hisobda oldinda bordi, biroq g‘alabani ushlab qololmadi: Chimezikay tomonidan urilgan gol bahsni penaltilar seriyasiga o‘tkazdi.

Penaltilar seriyasida raqibning qo‘li baland keldi - 3:2.

Endi Yaponiya o‘smirlari 22 may kuni finalda Xitoy – Avstraliya o‘yini g‘olibi bilan o‘ynaydi.

Eslatib o‘tamiz, guruh bosqichining 1-turida o‘zbekistonliklar Hindistonni 3:0 hisobida yengib, muddatidan oldin jahon chempionati va chorakfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi. Chunki guruhdagi yana bir raqib KXDR chempionatda ishtirok etishdan bosh tortdi. 2-turda Avstraliya 2:0 hisobida mag‘lub etildi. Chorakfinalda Janubiy Koreya ortda qoldirildi (2:2, pen. 5:3).

U17 Jahon chempionati shu yil noyabr – dekabr oylarida Qatarda bo‘lib o‘tadi.