Nature Climate Change jurnalida chop etilgan tadqiqotda olimlar 1982–2020-yillardagi sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlarini tahlil qilgan. Ular oʻsimliklar holatini baholash uchun barg maydoni indeksidan foydalangan. Bu koʻrsatkich barglarning umumiy maydonini ular oʻsib turgan yer maydoniga nisbatan ifodalaydi.

Naked Science nashrining tadqiqot haqidagi sharhida keltirilishicha, qurgʻoqchil hududlarning 82 foizida mazkur indeksning yillararo tebranishlari kuchaygan. Yaʼni nam va quruq yillardagi oʻsimlik qoplami oʻrtasidagi farq kattalashgan.

Oʻsimliklar koʻpaysa, suvga ehtiyoj ham ortadi

Tadqiqotchilarning ehtimoliy izohiga koʻra, atmosferada karbonat angidrid miqdorining ortishi oʻsimliklarga suvdan samaraliroq foydalanish va koʻproq barg chiqarish imkonini berishi mumkin. Biroq kattalashgan oʻsimlikni saqlab turish uchun ham koʻproq resurs talab etiladi.

Shu sababli nam yildan keyin qurgʻoqchilik kuzatilsa, oʻsimliklar mavjud suv bilan oʻz biomassasini taʼminlashda qiynalishi mumkin. Olimlar ushbu mexanizmlarni aniqlash uchun qoʻshimcha maʼlumotlar zarurligini taʼkidlamoqda.

Modellar kuzatilgan oʻzgarishni aks ettira olmagan

Mualliflar tekshirgan 13 ta yetakchi global oʻsimlik modeli kuzatuvlarda aniqlangan yillararo oʻzgaruvchanlikning ortishini aks ettira olmagan.

Bunday beqarorlik yogʻingarchilikka tayanadigan dehqonchilik va yaylov chorvachiligi uchun qiyinchilik tugʻdirishi mumkin. Hosil va yaylov ozuqasi miqdorini oldindan baholash murakkablashadi.

Olimlar oʻsimliklar mahsuldorligidagi keskin tebranishlar kattaroq ekologik oʻzgarishlarning erta belgisi boʻlishi mumkinligini aytmoqda. Biroq tadqiqot qurgʻoqchil hududlar albatta nam ekotizimlarga aylanishini yoki oʻzgarishlar qaysi yoʻnalishda kechishini aniq belgilab bermaydi.