O‘zbekiston | 15:01 / 10.06.2026
1923
2 daqiqa o‘qiladi

Nika Pharm tarixiy shaxslar aks etgan dori reklamasi uchun jarimaga tortildi

Nika Pharm kompaniyasi o‘zining Rinoksil Formula+ dori vositasi reklamasida Amir Temur, Jorj Vashington, Ibn Sino, Yuliy Sezar, Alisher Navoiy va Napoleon Bonapart kabi tarixiy shaxslarning obrazlaridan foydalangan. Reklama ro‘ligida dori vositasi turli davrlarda yashagan mutafakkirlar tomonidan foydalanilgani iddao qilinadi. Raqobat qo‘mitasi buni ajdodlar xotirasiga hurmatsizlik, axloq va ma’naviyatga zid deya baholadi va kompaniyani jarimaga tortdi.  

Foto: Videodan kadr

Tarixiy shaxslar obrazlaridan foydalanib, dori reklamasida axloq va ma’naviyat normalarini buzgan Nika Pharm MChJga moliyaviy jarima qo‘llanildi, deya xabar berdi Raqobat qo‘mitasi.

Qayd etilishicha, Nika Pharm kompaniyasi o‘zining Rinoksil Formula+ dori vositasi reklamasida Amir Temur, Jorj Vashington, Ibn Sino, Yuliy Sezar, Alisher Navoiy va Napoleon Bonapart kabilarning obrazlaridan foydalanib, «ushbu dori vositasini ular tomonidan ishlatilganda» deya, turli holatlarda namoyish etgan.

«Ushbu dori vositasini bunday ko‘rinishda reklama qilinishi taniqli tarixiy shaxslarga, shu jumladan, buyuk ajdodlarimizga nisbatan hurmatsizlik, axloq va ma’naviyatimizga zid bo‘lgan tarzda ularning obrazlaridan foydalanilgan», — deyiladi qo‘mita bayonotida.

«Reklama to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasiga muvofiq, reklamada milliy va oilaviy an’analarga, shuningdek, axloq va ma’naviyatning umumqabul qilingan normalariga zid bo‘lgan shakllar, iboralar va obrazlardan foydalanish taqiqlanadi.

Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, Nika Pharm MChJga nisbatan ish qo‘zg‘atib, yakunda belgilangan tartibda moliyaviy jarima qo‘llash bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning sentabr oyida ham Raqobat qo‘mitasi tomonidan Nika PharmMChJ jarimaga tortilgandi. Bunga reklama qonunchiligiga zid ravishda biologik faol qo‘shimchaning davolash xususiyatlari haqida ma’lumot berilgani sabab bo‘lgandi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid