Bugungi kunda AQŞ, Buyuk Britaniya, Singapur va Yevropa Ittifoqidagi yirik yuridik kompaniyalar minglab huquqiy hujjatlarni tahlil qiliş, sud amaliyotini örganiş, şartnomalar loyihalarini tayyorlaş va huquqiy tadqiqotlar olib borişda sun’iy intellektdan faol foydalanmoqda. Bir neça soat, ba’zan kun talab qiladigan işlarni zamonaviy sun’iy intellekt (SI) platformalari bir neça daqiqada bajarişi mumkin.

Şu sabab ayrim ekspertlar kelajakda yuristlarga ehtiyoj keskin kamayişini taxmin qilmoqda. Ammo masalaga çuqurroq nazar taşlasak, asl savol boşqaça ekanini anglaymiz. Masala “yuristlar kerak bölmay qoladimi?” degan savolda emas. Asl savol – kelajakda qanday yuristlar kerak böladi?

Sun’iy intellekt huquq sohasini qanday özgartirmoqda?

Sun’iy intellekt huquqşunoslikda, avvalo, takrorlanuvçi va köp vaqt talab qiladigan vazifalarni avtomatlaştirmoqda. Masalan, yuzlab sud qarorlarini tahlil qiliş, normativ-huquqiy hujjatlar örtasidagi boğliqlikni aniqlaş, şartnomalardagi xavfli bandlarni topiş yoki dastlabki huquqiy xulosani tayyorlaş endi ança tez bajarilmoqda.

Bu esa yuristning vaqtini tejab, unga murakkabroq masalalar bilan şuğullaniş imkonini beradi. Çunki texnologiyaning asosiy vazifasi insonni almaştiriş emas, uning samaradorligini oşirişdir. Tarixga nazar taşlasak, texnologik taraqqiyot biror kasbni butunlay yöq qilgan holatlar deyarli uçramaydi. Bankomatlar paydo bölganda ham bank xodimlari yöqolib ketmadi. Aksinça, ularning vazifalari mijozlar bilan işlaş, moliyaviy maslahat beriş va murakkab xizmatlarni körsatiş tomon özgardi. Elektron kalkulyator matematikani bekor qilmagani kabi, sun’iy intellekt ham huquqşunoslikni bekor qilmaydi.

SI yuristni emas, oddiy huquqiy işlarni almaştirmoqda

Huquq faqat qonun matnini öqiş yoki moddalarni yoddan bilişdan iborat emas. Huquq – bu inson taqdiri, adolat, axloqiy qadriyatlar, ijtimoiy manfaat va huquqiy tafakkur uyğunligidir.

Sud majlisida tomonlar örtasida muzokara olib boriş, murakkab huquqiy strategiyani işlab çiqiş, nizoning yaşirin jihatlarini aniqlaş yoki qonun loyihalarini yaratişda inson tafakkuri hal qiluvçi ahamiyatga ega. Sun’iy intellekt katta hajmdagi ma’lumotlarni tez tahlil qilişi mumkin, biroq u insoniy tajriba, mas’uliyat va axloqiy baholaş qobiliyatiga ega emas.

Şuning uçun ham bugungi kunda SI yuristni emas, balki huquqşunosning vaqtini oladigan standart va takrorlanuvçi vazifalarni bajarişga köproq moslaşmoqda.