Nashr EA Analytics ma’lumotlariga tayanib yozishicha, bunday pasayishga Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya neft infratuzilmasiga bergan muntazam zarbalari asosiy omillardan biri bo‘lgan. Natijada qator neftni qayta ishlash zavodlari ish hajmini qisqartirishga majbur bo‘lgan.

Berlindagi Karnegi markazining Rossiya va Yevrosiyo bo‘yicha katta ilmiy xodimi Sergey Vakulenkoning fikricha, Rossiya havo mudofaasi tizimini kuchaytirish orqali nishonlarga yetib borayotgan dronlar sonini qisman kamaytirishi mumkin, ammo barcha hujumlarning oldini to‘liq olish imkoniga ega emas.

Bloomberg hisob-kitoblariga ko‘ra, Moskva va Kiyevning ochiq manbalardagi ma’lumotlari asosida iyul oyida Rossiyaning yirik neftni qayta ishlash zavodlari, neft tankerlari, dengiz infratuzilmasi va magistral quvurlariga kamida 30-marta zarba berilgan. Bu urush boshlanganidan buyon bir oy ichida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Nashr qayd etishicha, hisobga Qora dengiz sohilidagi Kaspiy quvur konsorsiumi terminali bilan bog‘liq sakkizta tankerga qilingan hujumlar kiritilmagan. Agar bu hujumlar uchun ham Ukraina rasman javobgarlikni o‘z zimmasiga olganida, iyul oyi Rossiya neft ob’yektlariga qarshi eng ko‘p hujum qilingan davr sifatida qayd etilar edi.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, iyul oyi davomida Ukraina taktikasi ham o‘zgargan. Oyning birinchi yarmida asosiy zarbalar neftni qayta ishlash zavodlariga berilgan. Bu esa Rossiyani ichki qayta ishlash hajmi qisqargani sababli xom neft eksport hajmini deyarli rekord darajagacha oshirishga undagan.

Iyulning ikkinchi yarmidan boshlab esa asosiy e’tibor neft tankerlari va dengiz infratuzilmasiga qaratilgan. Qora va Azov dengizlarida tankerlarga qilingan hujumlar Rossiyaning janubiy portlari orqali neft tashish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Hujumlar kuchaygani ortidan Rossiya Mudofaa vazirligi Qora dengizda harakatlanayotgan kemalarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirib, mazkur hududda kema qatnovi uchun xavflar mavjudligini bildirgan.

Rystad Energy kompaniyasi tahlilchisi Xorxe Leonning fikricha, Rossiya Novorossiysk orqali amalga oshirilayotgan neft eksportning ma’lum qismini Boltiq dengizi portlariga yo‘naltirish imkoniga ega. Biroq ushbu portlar ham Ukraina hujumlari xavfi ostida qolmoqda.

Nashrning eslatishicha, 23-iyul kuni Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi 21-sanksiyalar paketi kuchga kirgan. Ushbu cheklovlardan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri Rossiyaning neft savdosidan oladigan daromadlarini qisqartirish va urushni moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklash hisoblanadi.