Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya janubidagi neftni qayta ishlash infratuzilmasiga uchuvchisiz uchish apparatlari orqali zarbalar berdi. Hujumlar Krasnodar oʻlkasidagi Afip va Rostov viloyatidagi Novoshaxtinsk neftni qayta ishlash zavodlariga toʻgʻri kelgani xabar qilinmoqda.

Ukraina monitoring kanallari Exilenova+ va Supernova, shuningdek, Astra nashri maʼlumotlariga koʻra, Krasnodar oʻlkasidagi hujumning asosiy nishonlaridan biri Afip neftni qayta ishlash zavodi boʻlgan. U Rossiya janubidagi yirik neftni qayta ishlash korxonalaridan biri hisoblanadi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2026-yil boshidan buyon Afip NQZ Ukraina dronlari hujumiga beshinchi marta uchramoqda. Bundan avval zavodga 21-yanvar, 14-mart, 11-iyun va 14-iyul kunlari hujumlar qayd etilgan.

Krasnodar oʻlkasi gubernatori Veniamin Kondratev Severskiy tumaniga uchuvchisiz apparatlar hujum qilganini tasdiqlagan. Uning soʻzlariga koʻra, urib tushirilgan dronlardan birining parchalari Afipskaya temiryoʻl stansiyasi hududiga tushgan.

Hujum oqibatida ikki kishi halok boʻlgan, yana ikki kishi jarohatlangan. Shuningdek, gubernator «neftni qayta ishlash korxonasi hududida» yongʻin boshlanganini maʼlum qilgan.

Afipskiy posyolkasida ham kamida 10 ta xususiy uy turli darajada shikastlangan.

Novoshaxtinsk neft zavodi ishini toʻxtatdi

Shu bilan birga, Ukraina dronlari Rostov viloyatidagi qator obyektlarga ham hujum qilgan.

Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar maʼlumotiga koʻra, hududga taxminan 30 ta dron bilan hujum uyushtirilgan. Uchuvchisiz apparatlar Gukovo, Kamensk-Shaxtinskiy va Novoshaxtinsk shaharlari, shuningdek, Kamensk, Tarasov va Rodionovo-Nesvetay tumanlarida qayd etilgan.

Novoshaxtinsk shahrida hujum natijasida toʻrtta xususiy uyga zarar yetgan. Kamensk tumanida 4,5 gektar maydonda oʻrmon yongʻini boshlangan, Krasnosulinsk tumanida esa quruq oʻt yongan.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ushbu hududlarda jabrlanganlar boʻlmagan.

Keyinroq Rostov viloyati rahbari Novoshaxtinsk neftni qayta ishlash zavodi ham zarbalar natijasida shikastlanganini tasdiqlagan. Korxona yetkazilgan zarar sabab oʻz faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa tun davomida Rossiya hududlari, qoʻshib olingan Qrim, shuningdek, Qora va Azov dengizlari akvatoriyalari uzra jami «148 ta havo nishoni» yoʻq qilinganini bildirgan.