2026-yil 23-avgust kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirokida onlayn formatda «ABB DAVR» banki loyihasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Ushbu marosim Ozarboyjon tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan loyihalarning ochilishi va tamal toshini qoʻyishga bagʻishlangan tadbir doirasida oʻtkazildi.

Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev ushbu voqeani Ozarboyjonning yetakchi banklaridan birining Oʻzbekiston bozoriga chiqishi deb atadi.

Loyiha ABB banki tomonidan Oʻzbekistonning tijorat banklaridan biri boʻlgan «Davr Bank» aksiyalarining asosiy nazorat paketini sotib olishni hamda mamlakat bozorida «ABB DAVR» brendi ostida faoliyat yuritishni nazarda tutadi.

Eslatib oʻtamiz, 22-avgust kuni Toshkentda boʻlib oʻtgan IV Oʻzbekiston-Ozarboyjon hududlararo forumi doirasida ABB banki Boshqaruvi raisi Abbos Ibragimov va «Davr Bank» taʼsischisi hamda Kuzatuv kengashi raisi Lutfulla Ubayev ABB banki tomonidan «Davr Bank» aksiyalarining asosiy nazorat paketini sotib olish boʻyicha kelishuvni imzolagan edilar.

Shu tariqa, mazkur loyihaga start berildi va ABB banki 2026–2028-yillarga moʻljallangan strategik rivojlanish rejasida koʻzda tutilgan geografik kengayish maqsadiga muvofiq, Oʻzbekiston moliya bozoriga chiqdi.

«ABB Davr» brendi ostida bank Oʻzbekistonning barcha hududlarida korporativ va chakana mijozlarga universal moliyaviy xizmatlar koʻrsatadi. ABB banki Moliya guruhi Oʻzbekiston bozorida soʻnggi yillarda oʻzini oqlagan korporativ boshqaruv tizimi, raqamli yechimlar, sunʼiy intellektga asoslangan innovatsion loyihalar, shuningdek, kichik va oʻrta biznes uchun universal moliyaviy yechimlarni keng joriy etish niyatida.

Aholisi qariyb 40 million kishini tashkil etuvchi va iqtisodiyoti jadal rivojlanib borayotgan mamlakat - Oʻzbekiston bank sektorida ABB banki yangi yondashuvlarni joriy etishni hamda zamonaviy mijozlik tajribasini shakllantirishni rejalashtirmoqda. Mamlakatda kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Ushbu bozordagi maqsadli faoliyat ABB banki uchun yangi imkoniyatlar ochib beradi hamda ABB banki Moliya guruhining tanish Ozarboyjon brendi sifatidagi mintaqaviy va xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.