Iqtisodiyot | 10:10
493
2 daqiqa o‘qiladi

Charm sanoati davlat ko‘magiga ega bo‘ladi

O‘zbekistonda charm-poyabzal sanoatini qo‘llab-quvvatlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi mexanizmlar joriy etiladi. Prezident qaroriga muvofiq, korxonalarga subsidiyalar ajratiladi, import xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi hamda davlat xaridlarida qo‘shimcha imtiyozlar taqdim etiladi.

Prezidentning «Charm-poyabzal sanoatida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda eksport salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan 2028 yil 31 dekabrga qadar Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tayyor charm ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishlab chiqarilgan va sotilgan har bir detsimetr kvadrat tayyor charm uchun 350 so‘m miqdorida subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga ishlab chiqarishga joriy etilgan har bir yangi model uchun 1 million so‘mdan, biroq bir kalendar yilda 50 million so‘mdan oshmagan miqdorda subsidiya beriladi.

Poyabzal ishlab chiqaruvchilarning o‘z ehtiyojlari uchun import qilgan poyabzal qoliplari qiymatining 50 foizi ham qoplab beriladi. Bunda Yevropa Ittifoqi davlatlaridan import qilingan qoliplar uchun yillik kompensatsiya 10 ming AQSh dollaridan, boshqa davlatlardan import qilinganlari uchun esa 5 ming AQSh dollaridan oshmaydi.

Bundan tashqari, yengil sanoat korxonalari suv tozalash inshootlarida foydalanish uchun xarid qilgan kimyoviy vositalar va reagentlar qiymatining 50 foizini ham davlat qoplab beradi.

Qaror bilan 2026 yil 1 sentabrdan davlat xaridlari tizimida ham yangi tartiblar joriy etiladi. Jumladan, mahalliy charm xomashyosi va butlovchilardan keng foydalanadigan, yangi ish o‘rinlari yaratgan hamda o‘z savdo belgisi va brendini ro‘yxatdan o‘tkazgan korxonalarga qo‘shimcha ball beriladi va 15 foizgacha narx preferensiyasi taqdim etiladi.

Shuningdek, davlat xaridlari orqali sotib olinadigan maxsus poyabzallar uchun muvofiqlik sertifikati to‘g‘risidagi ma’lumotni elektron tizimda joylashtirish majburiy tartib sifatida joriy etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid