Soʻnggi 10 yil ichida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 2,5 milliard dollardan qariyb 8,5 milliard dollargacha oshdi. Mintaqa davlatlarining oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi esa qariyb 11 milliard dollarga yetdi. Vahobovning fikricha, bu koʻrsatkichlar iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun imkoniyatlar mavjudligini koʻrsatadi. Xususan, Fargʻona vodiysidagi yetti hudud oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va oʻzaro bogʻlangan ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish muhim ahamiyatga ega.
Fargʻona vodiysining Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Tojikiston hududlarini qamrab olgan qismida qariyb 18 million aholi yashaydi. Bu katta bozor boʻlish bilan birga, sanoat kooperatsiyasi, xizmatlar va savdo aloqalarini rivojlantirish uchun ham salmoqli salohiyatga ega. Vahobov bu hududlarga faqat isteʼmol bozori sifatida qarash bilan cheklanmaslik kerakligini taʼkidlaydi. Uning fikricha, asosiy maqsad - viloyatlarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va koʻrsatilayotgan xizmatlarni yagona iqtisodiy zanjirga birlashtirish. Fargʻona vodiysidagi hududlarning iqtisodiy ixtisoslashuvi oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun zamin yaratadi.
Andijon viloyati mashinasozlik, ishlab chiqarish va ogʻir sanoat yoʻnalishlaridagi salohiyati bilan ajralib turadi. Xitoy–Qirgʻiziston–Oʻzbekiston temiryoʻli qurilishi esa viloyatning mintaqaviy transport aloqalaridagi ahamiyatini oshirishi mumkin. Kelajakda Andijon yirik transport xabiga aylanish imkoniyatiga ham ega. Namangan viloyati yengil sanoat va toʻqimachilikka ixtisoslashgan boʻlsa, Fargʻonada kimyo va neft-kimyo sanoati, shuningdek, tadbirkorlik yoʻnalishlari muhim oʻrin tutadi. Bu tarmoqlarni qoʻshni hududlarning ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan bogʻlash orqali mintaqaviy kooperatsiyani kengaytirish mumkin.
Bunda har bir viloyatning mavjud ixtisoslashuvi umumiy ishlab chiqarish zanjirining bir qismiga aylanishi koʻzda tutiladi.
Tojikistonning Sugʻd viloyati ham Fargʻona vodiysidagi iqtisodiy hamkorlikda muhim oʻrin tutishi mumkin. Viloyat Tojikistonning sanoati rivojlangan hududlaridan biri boʻlib, metallurgiya va boshqa ishlab chiqarish tarmoqlaridagi salohiyati bilan ajralib turadi. Vahobovning taʼkidlashicha, Sugʻd viloyatining sanoat imkoniyatlarini Oʻzbekiston hududlaridagi ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan bogʻlash mumkin. Xususan, metallurgiya mahsulotlariga boʻlgan talabni hisobga olgan holda, Sugʻddagi korxonalar bilan Andijonning mashinasozlik tarmogʻi oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari mavjud. Bunday kooperatsiya xomashyo va tayyor mahsulotlar yetkazib berish bilan cheklanib qolmay, oʻzaro bogʻlangan ishlab chiqarish jarayonlarini yoʻlga qoʻyishga ham xizmat qilishi mumkin.











