Ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichi bitiruvchisi podpolkovnik Baxtiyor Raximjonovich Inoqov Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi etib tayinlandi. Bu haqda xalq deputatlari viloyat kengashining 22-avgust kungi sessiyasida maʼlum qilindi.

Sessiyada qayd etilishicha, joriy yilning hisobot davrida viloyatdagi 723 ta mahallaning 73 foizida yoki 528 tasida bironta ham jinoyat sodir etilmagan, xodimlarning tashabbuslari bilan aniqlanadigan jinoyatlarning soni 40 foizga yaxshilangan. Shu bilan birga 28 ta mahallalar “qizil” toifada qolmoqda. Yangi tayinlangan IIB boshligʻiga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni taʼminlash, aholi bilan yaqin muloqotni yoʻlga qoʻyish boʻyicha vazifalar yuklatildi.

Surxondaryo viloyati IIBning avvalgi boshligʻi polkovnik Timur Ismoilov kecha, 21-avgust kuni ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshligʻi etib tayinlangan edi.

Eslatib oʻtamiz, shu kunlarda Sirdaryo viloyati IIBda ham boshliq oʻzgardi.