Seshanba-chorshanba kunlari Amerika va Eron yana bir-biriga qarata zarbalar yomg‘irini yog‘dirdi. Bu esa o‘tgan oyda ikki davlat prezidentlari imzolagan memorandumning taqdirini so‘roq ostida qoldirgandek. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida shu haqda so‘z yuritarkan, zamonaviy dunyoda urush diplomatiyasining tabiati o‘zgargani, savdolashuv tobora gibrid shakl olayotganini aytadi.

7-8 iyul kunlari AQSh va Eron yana o‘zaro yuzlab zarbalar almashishdi. Avvaliga AQSh tarafi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi uchta tanker Eron hujumiga uchraganini iddao qilib, Eron janubidagi infratuzilma obektlari bo‘ylab 80-90 ta nishonga hujum qildi (ular orasida O‘zbekiston uchun muhim logistika nuqtasi bo‘lmish Chobahor porti ham bor). Bunga javoban Eron AQShning Bahrayn, Kuvayt va Qatardagi harbiy obektlari bo‘ylab 85 ta nishonga zarba berdi.

Ushbu o‘zaro zarbalar almashinuvi fonida, NATO sammitida ishtirok etish uchun Anqaraga kelgan Tramp: “Biz uchun Eron bilan kelishuv tugadi, agar yana zarbalar bo‘lsa, keyingi safar yanada kuchliroq, juda kuchli zarbalar beramiz” dedi.

Eron parlamenti spikeri G‘olibof esa: “Eron uchun qo‘rquv davri o‘tib bo‘ldi, Eron orqaga chekinmaydi” degan ma’noda bayonot berdi. Ikki tarafning yuqori darajali siyosatchilari chiqishlariga, ritorikalariga e’tibor bersak, eskalatsiya yuz berayotgandek fikr o‘yg‘onadi, tomonlar kelishuvdan voz kechib, urushga tayyordek ko‘rinadi. Aslida ham shundaymi?

Donald Tramp keyingi oylarda o‘nlab marta “Biz Eron bilan kelishuvga juda yaqinmiz” deya bayonotlar berdi. Va nihoyat, iyun oyida AQSh va Eron, avvalambor Pokiston, qolaversa boshqa davlatlar vositachiligida “Tinchlik memorandumi”ni imzolashdi. Endi esa, bamisoli, AQSh bu tinchlik kelishuvidan manfaatdor emasdek o‘zini ko‘rsatmoqda. Eron ham basma-bas zarbalar va bayonotlarni bermoqda. Nima o‘zgardi?

20-asrda, ayniqsa Sovuq urush davrida zarbalar, o‘q otishlar – diplomatiyaning, muzokaralar va kelishuvlarning o‘lganini anglatar edi. Hozirgi post-modern dunyoda, o‘q otishlar, keskin zarba berishlar diplomatiya va muzokaralarning muhim komponenti bo‘lib ulgurdi.

Tramp – Nyu-Yorkdagi ko‘chmas mulk savdolarida shakllangan odam. U uchun “kelishuvni buzish” – muzokaralarning muhim qismi hisoblanadi, bu yo‘l bilan u o‘z narxini oshiradi va qarshi tarafning narxini tushiradi. Bu fikrlashni u siyosatda standartlashtirdi. Shuning uchun bugungi kunda zarbalar, urushlar, o‘q otishlar – diplomatiyaning muqobili emas, diplomatiyaning o‘lishi emas. Aksincha, diplomatiya va muzokaralarning tarkibiy qismi, savdolashuv usuli, “agar shartlarimga ko‘nmasangiz, natijasi sizga yanada qimmatroqqa tushadi” deyish vositasi hisoblanadi.