Eronga qarshi iqtisodiy urush

Amerika fevral oxirida Eronga qarshi urush boshlagandi. Tezda tugashi maqsad qilingan urush yarim yil oʻtib boshi berk koʻchaga kirib qoldi. Amerika jahon chempionatigacha hammasini tugatmoqchi edi, lekin dunyodagi eng tomoshabop musobaqani ham urush holatida oʻtkazdi. Hali noyabrdagi oraliq saylovlarda ham urush tugamagan boʻlsa kerak.

Harbiy va siyosiy maqsadlariga erisha olmagan Tramp maʼmuriyati endilikda Eronga qarshi iqtisodiy urush variantini koʻrib chiqmoqda. Amerika endi biz bilan boʻlmaganlar bizga qarshi degan prinsipga tayanib, Eron bilan biznes qiladiganlarga ham sanksiya bilan tahdid qilyapti.

Amerika Eronga qarshi yangi sanksiyalar haqida ertaga oʻtkazilajak matbuot anjumanida eʼlon qilishi kutilmoqda. Vashington Eronga yordam berayotgan hammani jazolamoqchi. «Biz bilan boʻlmaganlar bizga qarshidir. Eron bilan biznes qilsangiz, pul oʻtkazsangiz, neft sotib olsangiz, Amerika hukumati sizga qarshi bor kuchini ishga soladi», dedi moliya vaziri Skott Bessent.

Amerika vitse-prezidenti Jey Di Vensning aytishicha, iqtisodiy bosim «Vashington qoʻlidagi eng samarali taʼsir vositasi» ekan. Janoblar, shu ishingizni urush boshlashdan avval qilsangiz nima boʻlardi? Shuncha urush, shuncha qon toʻkilishi, shuncha katta ketish va eng oxirida maqsadingizga baribir sanksiyalar orqali erisharkansiz, nega boshidan urushmay «eng samarali taʼsir doirangizdan» foydalanmadingiz? Qizigʻi, Eron sanksiyalar taʼsiri ostida yashash boʻyicha «jahon chempioni». Bu davlat 1979-yilgi inqilobidan buyon sanksiyalar ostida yashab keladi. Eron Yevropa sharqidagi bir davlatga oʻxshab «sanksiya bizni kuchliroq qiladi», demaydi, shunchaki bunday sharoitda qanday yashashni yaxshi biladi.

Tramp Kim bilan uchrashmoqchi

AQSH prezidenti Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Jong Un bilan koʻrishmoqchi. Bu uchrashuv noyabrda Xitoyda boʻlishi mumkin. Amerika prezidenti oldin ham ikki marta Shimol yetakchisi bilan koʻrishgan. Bir marta Viyetnamdagi sammitda, keyin ikki Koreya oʻrtasidagi qurolsiz hududda. Lekin oʻsha uchrashuvlardan keyin hech qanday oʻzgarish boʻlmagan. Tramp shunchaki Kim bilan sratga tushgan xolos. Bu galgi uchrashuvning eng asosiy natijasi ham ikki siyosatchining birga tushgan rasmi boʻlishiga shubha qilmasangiz boʻladi.

Tramp bu uchrashuv oʻtkazilishi uchun Amerikaning Janubiy Koreya bilan anʼanaviy harbiy mashgʻuloti muddatini keskin qisqartirdi. Jurnalistlarga Kim bilan koʻrishmoqchi ekani, u bilan yana muloqot oʻrnatilgani haqida siyosiy gʻalabadek aytib berdi. Vaholanki, doʻsti Si Jin Pinga aytsa, Shimol yetakchisini bir pasda telefonda ulab bergan boʻlardi.