Suriya davlat televideniyasi harbiy manbalarga tayanib xabar berishicha, 18-avgustga oʻtar kechasi Isroil qiruvchilari «Abu Zuhur» harbiy aerodromining uchish-qoʻnish yoʻlagi va omborlariga sakkizta zarba bergan. Hujum moddiy zarar keltirgan, lekin qurbonlar kuzatilmadi. Isroil nashrlari Suriyaga zarbalar toʻrt toʻlqinda amalga oshirilganini yozdi.


Hujumdagi eʼtiborli jihati - vaqt tanlovi. Associated Press nashrining suriyalik rasmiylarga tayanib yozishicha, zarba – bazaga turk harbiy ofitserlari tashrif buyurganidan koʻp oʻtmay berilgan. Ochiq manbalar (OSINT) kuzatuvchilari ham hujumdan bir necha kun avval Suriyaning eski, ammo taʼmirlangan ikkita Su-22 qiruvchisi mintaqa osmonida uchgani tasvirga olgan. Isroilparast nashrlar eʼlon qilgan sunʼiy yoʻldosh tasvirlari esa soʻnggi oylarda harbiy bazada jonlanish kuzatilganini koʻrsatmoqda.
Isroilning bahonasi: «Status-kvo buzilishi»
Xalqaro huquq normalariga amal qilmaydigan va boshqa davlat hududini tap tortmay bombardimon qilgan Isroil deyarli bir sutka sukut saqladi. Keyin bosh vazir Binyamin Netanyahu ofisi Suriya berilgan zarbalarni tilga olmasdan bayonot berdi. Unga koʻra, «Isroil va Suriya xavfsizlik masalalarida status-kvo saqlanishiga kelishgan. Rasmiy Damashq esa ushbu aviabazaga turk qoʻshinlari joylashishiga ruxsat berish bilan bu kelishuvni buzish arafasiga kelib qolgandi». Isroil bunday joylashuv oʻz xavfsizligiga tahdid ekani toʻgʻrisida Suriyani qayta-qayta ogohlantirgani, ammo Damashq quloq solmagani taʼkidlandi.
Netanyahu keyinroq eʼlon qilgan chiqishida ohangni yanada keskinlashtirdi: «Xabarimiz juda aniq edi: «Qilmang!». Ular [Suriya rasmiylari] bu xabarni tushunmagan koʻrinadi”, dedi u.
Reutersʼning yozishicha, zarbadan toʻrt kun avval – 14-avgustda Mossad rahbari Roman Gofman Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy bilan telefonda gaplashgan. Mossad unga turk harbiy faolligi borasidagi xavotirlarni bildirgan. Bu Bashar Asad agʻdarilganidan beri ikki tomon oʻrtasidagi eng yuqori darajadagi aloqalardan biri ekani aytilmoqda.
Bundan tashqari, Isroil hukumatiga yaqin nashrlar Tel-Aviv rasmiylari hujumdan oldin AQShni ogohlantirgan va ularga «oʻta nozik razvedka maʼlumotlari»ni yuborganini yozmoqda.
Isroil matbuoti asl xavotir manbasini ham yashirmayapti: Tel-Aviv Turkiyaning Suriya havo kuchlari va havo mudofaasini tiklashdagi rolidan xavotirlanmoqda. Agar Suriya hududiga radarlar va havo mudofaa tizimlari joylashtirilsa, Isroil qiruvchilari Suriya osmonidagi erkin harakatlana olmay qoladi – asl «qizil chiziq» mana shu.
Turkiya va Suriyaning raddiyasi
Suriya zarbani suverenitetning qoʻpol buzilishi deb baholab, xalqaro hamjamiyat va BMT Xavfsizlik Kengashini Isroilning harakatlarini qoralashga chaqirdi.
Suriya tashqi ishlar vaziri Asad ash-Shayboniy Axios nashriga bergan izohida Isroilning talqinini butunlay rad etdi. Uning soʻzlariga koʻra, bazada «Turkiya bazasini tashkil etish, doimiy turk harbiylari ishtiroki yoxud kuchlari joylashtirish niyati» umuman boʻlmagan. Vazir bazaning deyarli boʻsh turgani, hali toʻliq taʼmirlanmagani va ishlar aynan Suriya harbiy-havo kuchlari ehtiyoji uchun olib borilayotganini taʼkidladi.

Aslida oxirgi yillarda AQSH vositachiligida Isroil–Suriya xavfsizlik kelishuvi ustida muzokara olib borilmoqda. Ash-Shayboniyning aytishicha, kelishuv formulasi hatto qogʻozda tayyor boʻlgan, biroq Isroil oʻz majburiyatlaridan ortga chekingan.
Turkiya esa qattiqroq ohangda javob qaytardi. Tashqi ishlar vazirligi berilgan zarbalarni «kuchli qoralashini», hujum Suriyaning hududiy yaxlitligini buzgani va mamlakatni barqarorlashtirish saʼy-harakatlariga zarba ekanini bildirdi.
Turkiya Mudofaa vazirligining maʼlum qilishicha, «zarba oldidan ham, hujum paytida ham bazada hech qanday turk harbiy delegatsiyasi boʻlmagan». Shuningdek, turklar Isroil «beandisha hujumlar»ini toʻxtatishi shartligini aytib, Suriya harbiy salohiyatini tiklashga koʻmak berishda davom etishini taʼkidladi.
Qayd etish mumkin boʻlgan holat, Suriya tomoni turk zobitlarining tashrifini tan olgan boʻlsa, Anqara bu masalasini butunlay rad qildi.
AQShning aralashuvi: «Keraksiz eskalatsiya»
Kutilmagan reaksiya, soʻnggi vaqtlarda Isroilni harakatlarini qoralashi oddiy holga aylangan – AQSH vakilidan yangradi. AQShning Anqaradagi elchisi va Suriya boʻyicha maxsus vakil Tom Barrak oʻz postida Isroil zarbalarini ochiq tanqid qilib, ularni «keraksiz eskalatsiya» deb atadi. «Bunday harakatlar mintaqaviy barqarorlikka xizmat qilmaydi», dedi u.

Prezident Donald Tramp Axios nashriga zarba haqida xabardor qilinganini tasdiqladi, biroq izoh berishdan bosh tortdi. Chunki Erdoʻgʻan ham, Bibi ham Tramp uchun «hurmatga sazovor» yetakchilar. Shuningdek, Qatar, Misr, Saudiya Arabistoni va Iordaniya ham Isroilning zarbalarini qoraladi.
Turkiya uchun nega Suriyaga bunchalik muhim?
2024-yil dekabrida diktator Bashar Asad rejimi agʻdarilgach, Turkiya yangi Suriya hukumatining bosh tayanchiga aylandi. Buning koʻplab sabablari bor.
Birinchidan, Turkiyada yashayotgan millionlab suriyalik muhojirlarning qaytishi uchun barqaror va jozibali Suriya kerak.

Bundan tashqari, urushdan vayron boʻlgan hududlarni tiklash, harbiy yordam – turk kompaniyalari uchun ulkan iqtisodiy imkoniyat. 2025-yil avgustida ikki davlat harbiy tayyorgarlik va maslahat boʻyicha oʻzaro anglashuv memorandumini imzolagan. Shundan soʻng, turk mutaxassislari suriyalik harbiylarni oʻqitishga kirishgandi. Tahlilchilarning yozishicha, zarba berilgan «Abu Zuhur» aviabazasi azaldan Turkiya taʼsir doirasi hisoblangan hududning qoq markazida – Idlibda joylashgan.
Isroil rasmiylarining tahdidlari
Zarbadan keyingi kunlarda Isroil rahbariyati ohangni pasaytirish oʻrniga uni kuchaytirdi. Netanyahu 19-avgust kungi chiqishida Isroil oʻz chegaralari tomon siljiyotgan turk harbiy ishtirokiga toqat qilmasligini bildirdi.

Anqaraning javobi
Turkiya ham Isroil tahdidlariga chekinish bilan javob bermadi. Turkiya prezidentlik devoni Kats va Netanyahuning bayonotlaridan soʻng Isroil ayblovlarini «asossiz» hamda noqonuniy harakatni oqlashga urinish, deb atadi. Shuningdek, turklar kelgusida Suriyada harbiy kuch joylashtirish ehtimolini istisno qilmadi: Anqara Damashq bilan hamkorlikni qatʼiy davom ettiradi.
Tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan esa Isroil Suriyani izdan chiqarayotgani va Turkiya oʻz manfaatlarini himoya qilishdan tortinmasligi haqida bayonot berdi.
Ayrim turk nashrlari Isroilning zarbasini «urush provokatsiyasi» deya baholamoqda. Hukumat doiralarida esa bu hujum Turkiyaning «mintaqaviy xavfsizlik hamkori» sifatidagi obroʻsiga tashlangan sinov, deb qabul qilinmoqda.
«Isroilga kuchli qoʻshni kerakmas»
«Abu Zuhur» aviabazasiga berilgan zarba – yirik hujumlar zanjirining soʻnggi halqasi, xolos. Aslida 2024-yil dekabrdan – Asadlar rejimi qulagan ilk soatlardanoq Isroil Suriya harbiy infratuzilmasini tizimli yoʻq qilishga kirishgan.
Al Jazeera'ning hisob-kitoblariga koʻra, birinchi yilning oʻzida Suriyaga 600 dan ortiq zarba berilib, mamlakat havo mudofaasi deyarli butunlay ishdan chiqarildi. Isroil Joʻlan tepaliklaridagi bufer zona va strategik choʻqqini ham egalladi.

Turkiya bilan munosabatlardagi keskinlikka Isroilning Gʻazodagi genotsid urushi ham taʼsir qilgan. Turkiya 2024-yildayoq Isroil bilan savdoni toʻxtatdi, Erdoʻgʻan Netanyahu hukumatini eng keskin iboralar bilan tanqid qilib keladi.
Isroilda esa Turkiyani «yangi Eron» deb atash urfga aylandi - bu iborani sobiq bosh vazir Naftali Bennett ishlatgan. Oktabrda Isroildagi saylovlar oldidan Anqaraga nisbatan qattiqqoʻllik PR kompaniyani bir qismi sifatida ham ishlatilmoqda. Chunki, Isroil rasmiylari qanchalik tahdidlar qilishmasin, umumiy mudofaa kelishuviga ega NATO aʼzosi bilan urush ularga ham ogʻirlik qiladi.

Hozircha Turkiya va Isroil bir-biri bilan bevosita emas, balki Suriyadagi obyektlar va ijtimoiy tarmoqdagi bayonotlari orqali «gaplashmoqda».









