Davlat rahbarlari Nizomiy Ganjaviy haykali yonida daraxt ekdilar.

Prezidentlarga universitet majmuasining qurilish jarayonlari, taʼlim infratuzilmasi va kampusni rivojlantirish rejalari haqida maʼlumot berildi.

40 gektar maydonda barpo etilayotgan kampus qurilishi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Bu yerda jami 20 ming nafar talabaga moʻljallangan oʻquv binolari hamda 5 ming oʻrinli talabalar turar joylarini tashkil etish koʻzda tutilgan.

Birinchi bosqich doirasida 12 ming oʻrinli besh qavatli oʻquv binosi va zamonaviy laboratoriya majmuasi qurildi.

Davlat rahbarlari kampusda yaratilgan oʻquv va ilmiy muhit, axborot-resurs markazi hamda Nizomiy Ganjaviy merosiga bagʻishlangan muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdilar.

Muzeyda buyuk ozarboyjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviyning hayoti va ijodi, uning boy maʼnaviy merosi, shuningdek, Oʻzbekiston va Ozarboyjon xalqlari oʻrtasidagi koʻp asrlik madaniy hamda adabiy aloqalar aks ettirilgan.

Yetakchilar taʼlim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi aloqalar ikki qardosh xalqni yanada yaqinlashtirish, yosh avlodni umumiy maʼnaviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladilar.