Ozodlik haykalining taşqi qoplamasi yupqa mis varaqlardan tayyorlangan. Şu bois 1886 yilda haykal tantanali oçilgan paytda uning yuzasi yangi zarb qilingan mis tangadek iliq qizğiş-jigarrang rangda bölgan.

Biroq vaqt ötişi bilan havo, namlik va dengiz tuzlari ta’sirida mis yuzasida kimyoviy reaksiyalar boşlangan. Avvaliga mis yuzasida qizğiş va töq rangli oksidlar hosil bölgan. Keyinçalik ular suv, havodagi oltingugurt birikmalari va dengizdan keladigan xloridlar bilan reaksiyaga kirişib, misning yaşil birikmalarini hosil qilgan.



Natijada haykal yuzasida patina deb ataluvçi yaşil muhofaza qatlami şakllangan. Uning tarkibiga asosan brokantit, antlerit va atakamit kabi minerallar kiradi.

Mutaxassislarning qayd etişiça, haykalning turli qismlari bir vaqtning özida bir xil rangga kirmagan. Ayrim joylarda özgariş tezroq, boşqa hududlarda esa sekinroq keçgan. 1906 yilga kelib haykalda yaşil rang yaqqol körina boşlagan, ammo AQŞ Milliy parklar xizmati ma’lumotlariga köra, bugungi körinişga töliq ötişi taxminan 25–30 yil davom etgan.

Patina nafaqat haykalning taşqi qiyofasini özgartirgan, balki uning saqlanib qolişida ham hal qiluvçi ahamiyat kasb etgan. Bu ziç muhofaza qatlami misning keyingi zanglaşi va yemirilişini sekinlaştiradi.

Bu jihati bilan mis temirdan farq qiladi. Temirda hosil böladigan zang metallning içkari qismigaça yemirilişiga sabab bölsa, misdagi patina mustahkam saqlanib, yuzadan köçib tuşmaydi va aksinça, içki qatlamni taşqi muhit ta’siridan himoya qiladi.

Mutaxassislar ta’kidlaşiça, patinaning hosil böliş tezligi havo namligi, harorat, atmosfera ifloslanişi va dengiz tuzlari miqdoriga boğliq. Şunga qaramay, jarayonning umumiy ketma-ketligi hamişa bir xil: yangi mis avval qizğiş tusdan töq rangga ötadi, keyin esa asta-sekin yaşil muhofaza qatlami bilan qoplanadi.