Hafta davomida Amerika Eronga zarbalarni davom ettirdi. Iyunda imzolangan anglashuv memorandumi endi keraksiz qog‘ozga aylandi, urush qanday tugashini hech kim bilmaydi. Ukrainada shov-shuvli iste’fodan keyin odamlar Zelenskiy qaroriga qarshi namoyishga chiqdi. JChda bugun g‘olib aniqlanadi. 39 yoshida gladiatorga aylangan Messi Argentinani uchinchi marta mundial finaliga olib chiqdi. Quyida haftaning shu va boshqa muhim voqealarini yodga olamiz.

Urush davom etadi

Hafta davomida AQSh Eronni bombalashni davom ettirdi. Tramp aytarli sababsiz urushni qaytalab yubordi. Esingizda bo‘lsa, tomonlar 17 iyun kuni 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olgan, har ikki davlat prezidenti anglashuv memorandumi imzolagandi. O‘shanda bu juda mo‘rt kelishuv bo‘lganini aytgandik. Ko‘rib turibsiz, hech qanday sulh bo‘lmadi, urush tugamadi, Amerika Eronga yanada jiddiy zarba berishni o‘ylamoqda. Bu gal energiya ob’yektlari, ko‘priklar va boshqa infratuzilma manzilgohlari nishonga olinishi mumkin.

Amerika nashrlariga ko‘ra, Vashington Isroilga qo‘shimcha 30 ta yonilg‘i samolyotlari yuborgan, hali yana yuborarkan. Havoda qiruvchi samolyotlarga yonilg‘i quyuvchi bunaqa uchoqlar Isroil va Amerika katta operatsiya boshlayotganini bildiradi. Qiruvchilar avjiga chiqib raketa otayotganda yerga qo‘nib o‘tirmasin deb mana shunaqa uchoqlar o‘ylab topilgan.

Eron ham qo‘lida bor qurollarni Amerikaning Yaqin Sharqdagi bazalariga otyapti. Bu orada urush qaytalanishi haqida ming xil versiya o‘rtaga chiqdi. Xususan, Tramp Isroil bosimi bilan urushni qaytaladi. degan gap ko‘p tilga olinmoqda. Xullas, bu urush hali beri tugaydiganga o‘xshamaydi. Isroil kelishuv memorandumi imzolangach, juda norozi bo‘lgandi. Ular Eronni butkul yo‘q qilmaguncha tinchimoqchi emas. Bu esa imkonsiz narsa, Eron boshidan oxirigacha 40 km keladigan G‘azo emas axir.

Senatorning o‘limi

Amerikalik senator Lindsi Gremning o‘limi katta voqea bo‘ldi. Trampning eng yaqin maslahatchilaridan biri bo‘lgan Grem Eronda urush boshlanishining asosiy tashabbuskorlaridan edi. Shuningdek, Ukrainaga nisbatan tanqidiy qarashda bo‘lgan Trampdek prezident davrida Grem Kiyevni ashaddiy qo‘llovchi siyosatchi edi. O‘limidan bir kun avval senator Kiyevda Zelenskiy bilan uchrashgan. Shu sabab uning o‘limi haqida turli shubha-gumonlar ko‘paydi.

Rossiya va Erondan «senatorni Isroil o‘ldirib, Trampga signal yubordi» degan versiya tarqaldi. Ko‘pchilik bu odam 71 yoshda bo‘lgani uchun o‘z o‘limi bilan vafot etishi tabiiy hol deb o‘ylayotgani yo‘q. Chunki bunaqa katta odam kutilmaganda o‘lishi baribir gap-so‘zni ko‘paytiradi.