Hafta davomida AQShda qurol taqchilligi yuzaga kelgani ma’lum bo‘ldi, Ukraina va Rossiyada tinch aholi urush qurboniga aylanishda davom etdi, Janubiy Koreyada misli ko‘rilmagan mojaro avj oldi. Koreyslar JCh saralashida ishlagan xorijlik hakamlar uchun massaj xizmatlari tashkil qilib bergani aniqlandi. Quyida haftaning shu va boshqa muhim voqealarini birgalikda yodga olamiz.

Amerikada qurol tugayapti

Dunyodagi harbiy qudrati eng kuchli bo‘lgan Amerikada qurol-yaroq zaxirasi jiddiy kamaygan va hatto raketa taqchilligi yuzaga kelgan. Bu haqda Amerika nashrlar harbiy mulozimlarga tayanib xabar berdi. Jurnalistlarning aniqlashicha, Amerika harbiylari asosiy havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun zaxiradagi 80 foiz raketalarni ishlatib bo‘lgan. Omborlarda xavfli darajada kam raketa qolgan. Tramp Kemp-Deviddagi vazirlar mahkamasi yig‘ilishida o‘qdori taqchilligi bo‘yicha Pentagon rahbari Pit Hegsetdan hisobot so‘ragan.

Esingizda bo‘lsa, Tramp Eronga «ikkinchi jahon urushi davridan buyon eng yirik zarbalar» va’da qilgan, keyinroq go‘yoki «diplomatiyaga imkon berish uchun» buyruqni bekor qilgandi. Aslida gap diplomatiyada emas, Amerika armiyasida raketa taqchilligi yuzaga kelganida ekan. Masalan, hozir amerikaliklarda Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketa taqchilligi yuzaga kelgan. Bu 155 mmli snaryad emaski bir pasda ishlab chiqarib, omborni to‘ldirib qo‘yishsa. Bu defitsitni bartaraf etish yillab vaqt talab qiladi.

Tramp o‘qdori yetishmovchiligining bosh aybdori sifatida tabiiyki Jo Baydenni ko‘rsatdi. Kemp-Deviddagi yig‘ilishda esa prezident Pentagon rahbari Hegsetni, urush vaziri o‘z navbatida o‘z yordamchisini ayblagan. Qolganini tasavvur qilish qiyin emas, o‘rinbosar o‘z o‘rinbosarini, u ham o‘z yordamchisini ayblagan, oxir-oqibat aybdor raketa omborining qorovuli bo‘lib chiqsa ham, ajab emas.

Lekin qurol omborlari nega bo‘shab qolgani tushunarli. Tramp Isroil manfaati uchun Eronga qarshi urush ochdi, mamlakat amalda yarim yildan beri urush holatida. Eronga kam raketa otildi deysizmi, bunga javoban forslar ham Amerika bazalarini nishonga oldi, bu raketalarni qaytarish uchun mudofaa raketalari kerak.

Urush ana shunaqa narsa, Amerikadek davlatlarning omborlarini bo‘shatib qo‘yadi. Va eng qizig‘i, Amerika Isroil degan ittifoqchisi uchun urush boshlab hech qanday foyda ko‘rmadi, zarar ketidan zarar. Qaytanga «shuncha katta Amerika bir burda Isroil yo‘rig‘iga yurarkan» degan gap orttirib oldi. Urushda Amerika omborlari bo‘shab qolgani Eronga qanaqa obro‘ olib berishini tasavvur qilavering.