Nepaldagi fojia
Hafta davomida Nepal va Xitoy chegarasida sodir boʻlgan fojia butun dunyoni larzaga soldi. Himolay togʻlarida ulkan muzlik parchasi oʻpirilib, Lende daryosini toʻsib qoʻydi. Suv tezda toʻplanib, bu tabiiy toʻgʻondan toshib, 9 metrli toʻlqin hosil qilgan va pastga qarab shiddat bilan oqa boshlagan. Yoʻlida uchragan tosh va tuproqni supurib ketgan daryo oʻzanidan toshib butun boshli qishloqlarni loy ostida qoldirgan. Qurbonlar soni mingga yaqinlashgan, 3 mingga yaqin odam bedarak yoʻqolgan.
Muzlik oʻpirilgach daryoga shunday qattiq zarb bilan urilganki, seysmologiya xizmatlari hududda 5 balli zilzila sodir boʻldi deb qayd etgan. Xitoy nazoratidagi Tibetda nima boʻlayotganini bilish qiyin, lekin Nepaldagi qutqaruv jarayonlari haqida reportajlar eʼlon qilinmoqda. Nepalga birinchilardan boʻlib AQSH va Xitoy moddiy yordam koʻrsatdi. Daryo boʻyidagi stansiya tunnellarida ishchilar qamalib qolgan, ularni qutqarish ishlari davom etmoqda.
MRB direktori Moskvada
Haftaning eng shov-shuvli voqeasi Amerika Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Jon Retkliffning Moskvaga tashrifi boʻldi. Dunyodagi eng qudratli razvedka idorasi rahbari 2021-yildan buyon ilk marta Rossiyaga bordi. Bu tashrif maxfiy tarzda amalga oshirildi. Mulozim Rossiyaga borishini faqat oʻzi va Tramp bilgan.
Amerika nashrlari mamlakat bosh razvedkachisi Rossiyaga nima maqsadda borgani haqida oʻz manbalariga tayanib yozmoqda. Ularda aytilishicha, Retkliff Rossiyani NATOning 5-moddasi hamon amalda ekanidan ogohlantirish uchun borgan. Yaʼni, Putinga atrofdagi NATO davlatlari qanday reaksiya qilishini sinab koʻrish uchun hujum qilib koʻrish toʻgʻri emasligini bildirgan.
MRB direktori tashrifi Rossiyada yangi safarbarlik toʻlqini haqida mish-mishlar fonida sodir boʻldi. Mulozim Kremlga «Vashington barchasidan xabardor ekanini yetkazgani» aytildi. Shuningdek, amerikalik hamkasblarimiz Retkliff Kremlga frontdagi asl vaziyat haqida Amerika razvedkasi maʼlumotlari asosida tayyorlangan hujjatlar olib borganini aniqladi. MRB Putinga atrofidagilar frontdagi vaziyat haqida toʻgʻri maʼlumot berishiga ishonmagani uchun shaxsan idora rahbari Moskvaga boribdi.
Peskovning aytishicha, amerikalik mulozim Putin bilan uchrashmagan. Baʼzi taxminlarga koʻra, Putin uchrashishni xohlamagan. Amerika nashrlariga koʻra, Retkliff Rossiya bosh razvedkachisi Sergey Narishkin va FSB rahbari Aleksandr Bortnikov bilan uchrashib, ularga «frontdagi vaziyat aslida boshqacha ekanini» aytgan.









