Birinchi yarimyillik yakunlari va yil oxirigacha bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda hudud va tarmoq rahbarlarining olti oylik rejalari ijrosi tanqidiy tahlil qilindi.
Ayrim hududlarda yalpi hududiy mahsulot, qurilish va investitsiya ko‘rsatkichlari bo‘yicha imkoniyatlar to‘liq ishga solinmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari hozirgi global tebranishlar sharoitida viloyat, tuman va shaharlarga tadbirkorlik hamda ijtimoiy infratuzilma loyihalari uchun mablag‘lar ko‘paytirib berilayotganini qayd etdi.
Shu bilan birga, har bir vazir va hokimning ishi odamlarning yashash madaniyatida sezilmasa, tadbirkorlarning og‘irini yengil qilmasa, bunday natija faqat «qog‘ozdagi raqam» bo‘lib qolishi ta’kidlandi.
Oylik, choraklik va yillik rejasini bajarmagan birorta vazir, hokim yoki tarmoq rahbari bunday sharoitda xotirjam ishlashga haqli emasligi qat’iy ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda «mahalla yettiligi» ishini yangicha tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan hafta bu borada barcha masalalar tushuntirilib, mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Bu borada «Dolzarb 40 kunlik» e’lon qilinib, 2 mingta eng og‘ir mahallada ishlarni mutlaqo yangi tizim asosida tashkil etish boshlandi.
Ushbu mahallalarda hokim, mahalla raisi va bandlik bo‘limi o‘rtasidagi uch tomonlama shartnomalar qayta ko‘rib chiqildi.
Hokimlar 2 mingta og‘ir mahallada elektr, gaz, yo‘l va suv masalalarini o‘z vaqtida hal qilishga shaxsan javobgar bo‘ladi.
Bandlik tizimi mas’ullari ehtiyojmand aholini o‘qitish, ishga joylashtirish va daromadini oshirish maqsadida hududma-hudud yuradi.
Mahalla tizimi rahbarlariga 8 ming 992 ta mahallada ko‘chalar va uylarni obod qilish, daraxt va ko‘chat ekish, ariqlarni toza tutish bo‘yicha aniq majburiyatlar yuklatildi.
Yig‘ilishda davlat rahbari banklarning mahalladagi ishidan mutlaqo norozi ekanini bildirdi. Shu bois, Markaziy bankning viloyatlardagi rahbarlari va davlat banklari filiallari boshliqlarining faoliyatiga qat’iy e’tiroz bildirildi.
Prezident viloyat va tuman banklari hamda mahalla uyushmalari uchun bu yil sinov va amaliy attestatsiya yili bo‘lishini aytdi. Keyingi uch oyda natija qilgan rahbar ishida qoladi, o‘zgarish qilmagani esa lavozimini tark etadi.
Bosh prokuratura va Hisob palatasiga har bir mahallada qanday ish ketayotgani, qanday o‘zgarish bo‘layotganini nazorat qilish vazifasi qo‘yildi.
Shu bilan birga, mahallalarda ozodalik, yashash madaniyati va hovlilar bilan ishlash masalalari ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. Hovli uylarni ham boshqaruv kompaniyalari faoliyati bilan qamrab olish muhimligi qayd etildi.











