AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) 21 iyul kuni kechqurun Eronga qarshi yana bir keng ko‘lamli harbiy operatsiya amalga oshirilganini ma’lum qildi. Qayd etilishicha, mahalliy vaqt bilan soat 19:00 da boshlangan aviahujumlar 75 daqiqa davom etgan va shu tariqa Eronga qarshi 11-kecha ketma-ket o‘tkazilgan zarbalar yakunlangan.
CENTCOM bayonotiga ko‘ra, operatsiya davomida Eronning harbiy operativ boshqaruv markazlari, dengiz kuchlari ob’yektlari, aviatsiya angarlari, uchuvchisiz uchish apparatlari saqlanadigan omborlar hamda harbiy logistika infratuzilmasi nishonga olingan. Amerika harbiylari bu zarbalar Eronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozida xalqaro savdo kemalariga tahdid solish imkoniyatlarini yanada cheklash maqsadida amalga oshirilganini ta’kidladi.
AQSh ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi uch oy ichida Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlangan 30 dan ortiq tijorat kemasiga hujum qilgan. Shu bilan birga, CENTCOM may oyidan buyon qariyb 900 ta tijorat kemasining xavfsiz o‘tishiga ko‘maklashgani va ular orqali 450 million barrel xom neft tashilganini bildirdi. Biroq, London fond birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, 19 iyul kuni bo‘g‘oz orqali atigi to‘rtta, 18 iyul kuni esa sakkizta kema o‘tgan.
Ayni paytda, amerikalik tahlilchilarning GlobalSecurity portaliga ko‘ra, Eron 21 iyul davomida Kuvaytdagi Camp Arifjan harbiy bazasiga raketa va dronlar bilan hujum uyushtirgan. Bu bazada AQSh harbiylari joylashgan. Kuvayt hukumati mamlakat havo mudofaa tizimlari raketa va dronlarni yo‘q qilganini ma’lum qildi.
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi esa Nasr 2 operatsiyasining oltinchi bosqichi amalga oshirilganini e’lon qilib, Kuvayt va Bahrayndagi AQSh harbiy ob’yektlariga zarbalar berilganini bildirdi. Biroq mazkur da’volar hozircha mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangani yo‘q.
Avvalroq, 20 iyul kuni ham Eron Fors ko‘rfazi mintaqasida AQShning oldingi tungi hujumlariga javob sifatida raketa va dronlardan foydalangan holda zarbalar bergan edi. Shuningdek, 18 iyul kuni Tehron iyun oyida Vashington bilan erishilgan vaqtinchalik sulh kelishuvini bekor qilingan deb hisoblashini ma’lum qilgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp esa 21 iyul kuni Eronni amerikalik harbiylar halok bo‘lgan har qanday holat uchun «bir necha barobar qattiq javob» kutishidan ogohlantirdi. Uning aytishicha, bu bo‘yicha topshiriq mudofaa vaziri Pit Hegsetga berilgan.
CENTCOM ma’lumotiga ko‘ra, yangi keskinlashuv boshlanganidan buyon AQShning uch nafar harbiysi halok bo‘lgan. Shu tariqa, fevral oyi oxiridan buyon Eron bilan bog‘liq mojaroda halok bo‘lgan amerikalik harbiylar soni 17 nafarga yetgan.










