Prezidentning «Parrandachilik sohasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan «Mikrokreditbank» ATBga yo‘naltirilgan mablag‘lar hisobidan parrandachilik xo‘jaliklari, parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar hamda «tayyor biznes» loyihalarini moliyalashtirish uchun 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab yillik 10 foiz stavkada kreditlar ajratiladi.
Belgilanishicha, mazkur shartlar faqat shu sanadan keyin rasmiylashtiriladigan yangi kredit shartnomalariga nisbatan qo‘llaniladi.
Shuningdek, 2026 yil 1 avgustdan boshlab ushbu mablag‘lar hisobidan parrandachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni ishga tushirish loyihalari hamda prezidentning 2024 yil 27 iyundagi PQ–238-son qaroriga muvofiq amalga oshiriladigan «tayyor biznes» loyihalariga ham «Mikrokreditbank» orqali yillik 10 foiz stavkada kreditlar taqdim etiladi.
Mazkur kreditlar 10 yilgacha muddatga, 4 yillik imtiyozli davr bilan ajratilishi belgilangan.











