Mavzu yuzasidan “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Jahongir Akramov va Kamoliddin Rabbimov so‘z yuritishdi.
- AQSh nega Eronni bombalashni to‘xtatdi?
Jahongir Akramov: Ma’lumotlarga ko‘ra, Eronga qarshi intensiv hujumlar natijasida AQSh sezilarli miqdorda qurol-yarog‘ zaxiralarini sarflab yuborgan. Bu esa nafaqat Yaqin Sharqdagi, balki boshqa mintaqalardagi zaxiralarning ham ushbu hududga yo‘naltirilishiga olib kelgan. Ma’lum qilinishicha, aprel oxirida faol jangovar harakatlar to‘xtatilguniga qadar ham katta hajmdagi harbiy resurslar ishlatilgan.
Shundan keyin AQShning o‘zidan, Lotin Amerikasi hamda Sharqiy Osiyodagi bazalardan Yaqin Sharqqa qurol-yarog‘ tashuvchi kemalar yo‘naltirilgani qayd etilgan. Bu holat AQShning dunyo bo‘ylab 800 dan ortiq harbiy bazalaridagi umumiy zaxira muvozanatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ikkinchi muhim omil esa ittifoqchilar masalasi. AQSh bu mojaroda Iroq va Afg‘onistondagi kabi keng ko‘lamli ittifoqchi tarmog‘iga ega emas va deyarli yakka harakat qilmoqda. Harbiy doiralar ham Oq uyni ochiq ogohlantirib, zarbalarni davom ettirish mumkinligini, biroq bu keyingi bosqichda ko‘proq zarar keltirishi va boshqa mintaqalarda, xususan Xitoyga nisbatan bosim o‘tkazish imkoniyatlarini cheklab qo‘yishini ta’kidlamoqda. Shu omillar fonida Donald Tramp ma’lum darajada chekinishga majbur bo‘ldi, degan xulosa qilinadi.
Biroq qarorga yana bir muhim sabab, Yaman husiychilarining Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi atrofidagi faolligi bo‘ldi. Ularning Saudiya Arabistoni neft infratuzilmasiga zarbalari va Qizil dengizni blokada qilishga urinishlari vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Natijada turli omillar yig‘indisi AQShni harbiy bosimni pasaytirib, diplomatik yo‘lga imkon berishga undadi.
Rasmiy bayonotlarda Eron tomonidan muzokaralarni qayta tiklash bo‘yicha murojaatlar bo‘layotgani ham tilga olinmoqda. Biroq ko‘plab mutaxassislar asosiy sabab baribir harbiy cheklovlar ekanini ta’kidlashmoqda, agar bu omillar bo‘lmaganida zarbalar davom etishi ehtimoli yuqori edi.
Kamoliddin Rabbimov: Asosiy muammo shundaki, Donald Trampning Eron ustidan aniq va yakuniy g‘alabaga olib boradigan strategiyasi mavjud emas. Hozir uning oldida bir nechta ssenariy turibdi. Birinchisi, keng ko‘lamli urush. Biroq bu variant amalda deyarli imkonsiz. Chunki hatto urush boshlansa ham, Eronning siyosiy tizimi tez va kafolatli qulashiga ishonch yo‘q. Qolaversa, AQShning o‘zi ham bunday katta urushga to‘liq tayyor emas.








