Donald Tramp bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar qildi. Uning yozishicha, «Tinchlik kengashi» HAMAS hamda G‘azo sektoridagi boshqa barcha qurolli guruhlarni to‘liq qurolsizlantirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
«Bugun Tinchlik kengashi HAMAS va G‘azo sektoridagi boshqa barcha qurolli guruhlarni to‘liq qurolsizlantirish bo‘yicha tarixiy kelishuvga erishdi. Bu barqaror tinchlik va xavfsizlik sari ulkan qadamdir», - deb yozdi AQSh prezidenti.
Tramp muzokaralarda vositachilik qilgan Misr, Qatar va Turkiyaga minnatdorlik bildirdi. Uning ta’kidlashicha, HAMAS va unga ittifoqchi guruhlarni qurolsizlantirish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
AFP agentligining xabar berishicha, HAMASning yuqori martabali vakillari AQSh bilan bunday kelishuvga erishilganini tasdiqlagan. Shu bilan birga, Isroil hukumati hozircha bu borada rasmiy izoh bermagan.
Nashrning qayd etishicha, G‘azodagi mojaroni to‘xtatish bo‘yicha AQSh rejasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish yuzasidan muzokaralar bir necha haftadan buyon Misrda davom etmoqda. Ushbu bosqich nafaqat HAMASni qurolsizlantirishni, balki Isroil armiyasini G‘azo sektoridan bosqichma-bosqich olib chiqishni ham nazarda tutadi.
Janglar to‘xtatilganidan so‘ng hudud boshqaruvini AQSh tomonidan tashkil etilgan «Tinchlik kengashi» huzuridagi falastinlik texnokratlar qo‘mitasi o‘z zimmasiga olishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Isroil HAMASni to‘liq qurolsizlantirishni mojaroni yumshatish va keyingi kelishuvlar uchun asosiy shart sifatida ko‘rsatgan edi.
2023 yil 7 oktyabrda HAMAS Isroilga keng ko‘lamli hujum uyushtirgan. Hujum oqibatida taxminan 1200 kishi halok bo‘lgan, qariyb 250 nafar odam garovga olib ketilgan. Bunga javoban Isroil G‘azo sektorida harbiy operatsiya boshlagan. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, shundan buyon 71 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.







