TBC Bank Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bilan hamkorlikda kichik va o‘rta biznes vakillarining bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan TBC Biznes Trening ta’lim dasturini davom ettirmoqda.
Dastur doirasidagi ikkinchi trening 25–26 iyul kunlari Namanganda bo‘lib o‘tdi va unda 50 nafardan ortiq tadbirkor ishtirok etdi. Dasturga qiziqish yuqori bo‘lib, unda ishtirok etish uchun 200 dan ortiq ariza kelib tushdi. Trening ishtirokchilari orasida Namangan bilan birga Farg‘ona va Andijon viloyatlaridan kelgan tadbirkorlar ham bor edi.

Ikki kun davomida ishtirokchilar amaliy tajribaga ega mutaxassislar bilan ishladi hamda moliyaviy boshqaruv, biznesni rejalashtirish, marketing va savdo, yetakchilik, jamoani boshqarish, raqamli vositalardan foydalanish va mijozlar bilan munosabatlarni rivojlantirish kabi olti yo‘nalish bo‘yicha real biznes misollarini tahlil qildi.
Loyiha TBC Bank va YeTTB tomonidan Shveytsariya hukumati ko‘magida, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Treningni Namangan viloyati “Ayol tadbirkor” uyushmasi raisi Lola Abduhalimova hamda OLX Uzbekistan kompaniyasining operatsion direktori (Chief Operating Officer) Jahongir Hamidov ochib berdi.
“O‘tgan ikki kun davomida nafaqat yangi bilimlarni oldik, balki ularni amaliyotda qo‘llashga yordam beradigan samarali vositalarni ham o‘zlashtirdik. Eng muhimi, trening turli shaharlardan kelgan tadbirkorlarni bir joyga jamladi. Bu bizga tajriba almashish, biznesda uchraydigan umumiy masalalarni muhokama qilish va uni rivojlantirish uchun yangi g‘oyalarni topish imkonini berdi”, - dedi trening ishtirokchisi Dilshodbek Fazliddinov.
Joriy yilda TBC Uzbekistan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Kompaniya tadbirkorlar uchun raqamli moliyaviy yechimlarni taklif etish bilan birga, biznes egalariga yangi bilim va rivojlanish uchun zarur amaliy ko‘nikmalarni egallashga yordam beruvchi ta’lim tashabbuslarini ham amalga oshirmoqda.

“Biz kichik va o‘rta biznes uchun mo‘ljallangan yechimlar ekotizimini faol rivojlantirib, raqamli moliyaviy mahsulotlarni ta’lim tashabbuslari va amaliy tajriba almashish imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirmoqdamiz. Biz uchun mamlakatimizning barcha hududlaridagi tadbirkorlar nafaqat zamonaviy bank xizmatlaridan, balki biznesni ishonch bilan rivojlantirish va kengaytirishga xizmat qiladigan bilimlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi muhim. Aynan shunday tashabbuslar hududlar va umuman mamlakat iqtisodiyotining barqaror o‘sishi uchun uzoq muddatli imkoniyatlarni yaratadi”, - dedi TBC Uzbekistan Korporativ kommunikatsiyalar va CSR bo‘limi rahbari Kamilla Muminova.
Navbatdagi TBC Biznes Trening 15-16 avgust kunlari Andijon shahrida bo‘lib o‘tadi. Treningda ishtirok etish bepul bo‘lib, mashg‘ulotlar o‘zbek tilida olib boriladi. Ro‘yxatdan o‘tish uchun quyidagi Telegram-bot orqali ariza topshirish mumkin: https://t.me/TBCtadbirbot.











