Ötgan kun davomida jahonda röy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar şarhi bilan kundalik xabarnomada taniştiramiz.
Hörmuz böyiça kelişuv
Eron va Ömon örtasidagi taklif etilayotgan kelişuv Tehronga Hörmuzdan ötuvçi kemalar ustidan nazoratni beradi. Bu haqda çorşanba kuni Erondagi yuqori martabali manba va mintaqaviy rasmiylardan ikkisi Reuters’ga ma’lum qildi. Bu Eron uçun şu paytgaça qilingan eng katta yon bosişlardan biri ekani aytilmoqda.
Eron rasmiysiga köra, böğozga kiriş hamda çiqiş qatnovlari Eron hududiy suvlari orqali ötadi. Boşqa bir mintaqaviy manbaning ta’kidlaşiça, «nazorat» qanday belgilanişi böyiça tafsilotlar hali aniqlanişi kerak.
Eron böğozdan foydalanayotgan kemalardan yuk narxining 5 foizdan 7 foizgaça miqdorida boj undirişni talab qilmoqda. Ömon taxminan 3 foiz atrofidagi tölovlarni muhokama qilmoqda, Vaşington esa umuman tölov bölmasligini xohlaydi. Körfaz muzokaraçilari esa har qanday yiğimlar ixtiyoriy bölişini talab qilmoqda.
Şu bilan birga Eron AQŞning har qanday yangi hujumi kuçli javob zarbasini keltirib çiqarişi haqida ogohlantirgan.
«Eronning ogohlantirişi qat’iy edi: agar Amerika Eronning infratuzilmasini nişonga olsa, ular Körfaz energiya ob’yektlari va boşqa mintaqaviy nişonlarga zarba beriş orqali javob qaytaradi», dedi Körfazdagi manbalardan biri.
AQŞ tomoni hozirça Hörmuz böyiça taklifga izoh bermadi. Prezident Donald Tramp böğozni qayta oçiş böyiça kelişuv yaqinlaşib qolganini aytgandi. Garçi AQŞ rasmiylari Hörmuzga kirişni Eron nazorat qilişiga heç qaçon rozi bölmasligini aytgan bölsa ham.
Eronga bunday vakolatini beruvçi kelişuv AQŞ va Isroil tomonidan fevral oyida boşlangan uruş – mintaqaviy kuçlar muvozanatining Tehron foydasiga jiddiy özgarganini anglatadi. Uruşdan oldin böğoz barça kemalar uçun tölovlarsiz, erkin va oçiq edi.
Germaniya aeroportida portlovçi qurilma
Keça tunda Germaniyadagi aeroportda portlovçi qurilma örnatilgan dron topildi. Saksoniya politsiyasiga köra, portlovçi modda ortilgan ob’yekt töxtab turgan «Antonov» samolyotlari yaqinida körib qolingan. Portlovçi qurilmaning detonatori robot yordamida olib taşlangan. Keyinroq politsiya nazorat ostidagi portlaşni amalga oşirgan.







