Milliy statistika qömitasi ma’lumotiga köra, 2026-yilning iyul oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari örtaça 0,1 foizga pasaydi. Natijada yillik iste’mol narxlari indeksi 106,4 foizni taşkil etdi. Bu körsatkiç ötgan yilning şu davriga nisbatan 2,5 foiz bandga past böldi.

STATISTIKA

Hisobot davrida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari örtaça 0,91 foizga arzonlagan. Şu bilan birga, nooziq-ovqat tovarlari narxlari 0,3 foizga, aholiga körsatiladigan pulli xizmatlar esa 0,5 foizga oşgan.

Inflyatsiyaga ta’sir qilgan asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida sabzi (12,6 foiz), uzun boşoqli guruç (6,4 foiz), yumaloq boşoqli guruç (6,1 foiz), moş (4,2 foiz) va piyoz (1,7 foiz) narxining qimmatlaşi qayd etildi.

Ayni paytda baqlajon (-42,8 foiz), bulğor qalampiri (-39,4 foiz), pomidor (-24 foiz), tarvuz (-20,3 foiz), kartoşka (-18 foiz), qovun (-14,5 foiz), şaftoli (-10,6 foiz), bodring (-10,6 foiz), sarimsoq (-10 foiz), nok (-7,1 foiz), uzum (-6,6 foiz), olma (-6,6 foiz), banan (-6,6 foiz) va tuxum (-5 foiz) narxlarining pasayişi umumiy inflyatsiyaning sekinlaşişiga hissa qöşdi.

Nooziq-ovqat tovarlari orasida AI-98 va AI-100 markali benzin narxi 10 foizga, AI-95 benzini 8,5 foizga, AI-92 benzini esa 3,9 foizga qimmatlaşgan.

Xizmatlar sohasida maişiy çiqindi uçun tölov 2,7 foizga, mobil aloqa xizmatlari 2,4 foizga va şahar avtobusida yöl haqi 1,4 foizga oşgani asosiy omillardan bölgan.

Milliy statistika qömitasi hisob-kitoblari uçun respublika böylab 10 mingdan ortiq savdo va xizmat körsatiş nuqtasida 2 milliondan ziyod narx kuzatuvlari ötkazilgan. Monitoring davomida 419 turdagi tovar va 98 turdagi xizmat narxlari tahlil qilingan.