AQSh-Eron urushi
Urush tugashi istiqbollari xira tortayotgan bir paytda, AQSh va husiylar seshanba kuni kemalarga qilingan alohida hujumlar haqida xabar berdi.
Qizil dengizning janubiy qismida, Bob al-Mandab bo‘g‘ozida seshanba kuni kichik yuk kemasiga qilingan hujum oqibatida ekipajning to‘rt a’zosi halok bo‘ldi. Shuningdek, Yamandagi husiylarga qarshi harbiy guruhning ikki qutqaruvchisi ham halok bo‘lgan. Hujumga uchragan «Tihamah» kemasi Misrga tegishli bo‘lgan.
Husiylar Bob al-Mandab bo‘g‘ozida harbiy texnika olib ketayotgan Saudiya kemasiga hujum qilganini bildirdi. Saudiya Arabistoni bu xabarga munosabat bildirmadi.
Kecha, shuningdek, AQSh harbiylari vertolyotdan Panama bayrog‘i ostidagi yuk kemasiga ikkita «Hellfire» raketasini uchirdi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligining ta’kidlashicha, kema dengiz qamalini buzishni to‘xtatish bo‘yicha takroriy ogohlantirishlarga e’tibor bermagan. Dengiz xavfsizligi bo‘yicha manbalar kemaga Ummon ko‘rfaziga suzib kirayotgan paytda, Pokiston qirg‘oqlari yaqinida zarba berilganini aytmoqda.
So‘nggi ikki kun ichida Eron ham, Qo‘shma Shtatlar ham o‘z ritorikasini keskinlashtirdi.
Yakshanba kuni Eron harbiy qo‘mondonlaridan biri «Amerika o‘z xatti-harakatlarini o‘zgartirmas va Eronning shartlarini qabul qilmas ekan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochilmasligini» aytgandi.
Erondagi Muhofizlar korpusi qo‘mondoni maslahatchisi Muhammad Rizo Naqdiy esa seshanba kuni korpus «dushman hududida» operatsiyalar o‘tkazish qobiliyatini rivojlantirayotganini aytdi. «Biz qachonki zarurat tug‘ilsa va buyruq berilsa, operatsiyalarni dushman hududiga ko‘chira olishimiz kerak. Bu erishilishi kerak bo‘lgan hujumkor doktrinaning o‘ziga xos xususiyatidir», dedi u.
Ohayoda jurnalistlarga gapirgan Tramp esa «Eronda hammasi yaxshi ketayotganini» aytdi.
«Biz Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘liq nazorat qilyapmiz.Boshqa hech kim emas, faqat biz. Agar o‘ylab qarasangiz, 51 yil davomida Yaqin Sharqning zo‘ravoni bo‘lib kelgan davlat bor... va ular endi Yaqin Sharq zo‘ravoni emas», dedi u.
Rossiya-Ukraina urushi
Ukraina va Rossiya kecha tunda ham bir-biriga zarba berishni davom ettirdi. Prezident Zelenskiy esa Moskvani Shimoliy Koreya raketalaridan foydalanishda aybladi.






