3-sentabr kuni Yakkasaroy tumani Glinka koʻchasida roʻy bergan, bir kishining jarohatlanishi va bir nechta avtomobillarga shikast yetishiga olib kelgan asfalt oʻpirilishi yuzasidan Veolia Energy Tashkent izoh berdi.

Kompaniya mutaxassislari masʼul idoralar bilan birgalikda hodisa joyidagi issiqlik kamerasini koʻzdan kechirgan va texnik koʻrikdan oʻtkazgan. Tekshiruvda aniqlanishicha:

  • issiqlik taʼminoti quvurlari butun va shikastlanmagan;
  • joriy yilda yotqizilgan, uzunligi 1240 metr boʻlgan magistral quvur boʻsh holatda (suv va bosimsiz) boʻlgan.

“Shunday qilib, ushbu hodisa issiqlik taʼminoti tarmoqlarining ekspluatatsiyasi yoki ulardagi uzilishlar bilan bogʻliq emas.

Qoʻshimcha ravishda maʼlum qilamizki, ushbu hududda issiqlik taʼminoti (issiq suv yetkazib berish) shtat rejimida amalga oshirilmoqda”, – deyiladi issiqlik taʼminotchisi bayonotida.

Avvalroq masʼul idoralar bu hodisa gaz yoki ichimlik suvi bilan ham bogʻliq emasligini bildirgan edi.

“Hududgaz Poytaxt” xabariga koʻra, Glinka koʻchasidagi hodisa joyidan yuqori bosimli gaz quvuri oʻtmagan va sodir boʻlgan hodisa tabiiy gaz tarmoqlari bilan bogʻliq emas. Oʻrganish davomida gaz sizib chiqishi aniqlanmagan.

“Toshkent shahar suv taʼminoti” ham bu avariya uning tasarrufidagi ichimlik suvi tarmoqlariga tegishli emasligini maʼlum qildi.

Toshkent shahar hokimligi vaziyat nazoratga olingani va barcha tafsilotlar oʻrganilayotgani aytilgan birlamchi axborotidan keyin hozircha boshqa izoh berganicha yoʻq. Hokimlikka koʻra, hodisa oqibatida bir kishi yengil tan jarohati olgan.