Tramp eronliklarni bosh koʻtarishga chaqirdi, Zelenskiy va Putin bir-birini ogohlantirmoqda – kun dayjesti
|14:49 / 02.09.202610 1658 min
Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSH-Eron hujumlari tiklandi
Kecha AQSH va Eron oʻrtasida soʻnggi haftalardagi eng yirik hujumlar almashinuvi yuz berdi. AQSH Markaziy qoʻmondonligi Muhofizlar korpusi obyektlariga, jumladan, havo hujumidan mudofaa hududlari, radar tizimlari, dengiz inshootlari, mina yotqizish vositalari hamda aloqa uzellariga qarshi qator zarbalar toʻlqinini yakunlaganini maʼlum qildi.
Eron OAVlari mamlakat boʻylab bir nechta obyektlarga hujum uyushtirilgani, ularning aksariyati Hoʻrmuz yaqinida ekanini xabar qildi.
Oʻz navbatida, Eron ham Bahrayn, Iordaniya va Iroqdagi AQSH aktivlariga zarba berganini maʼlum qildi. Muhofizlar Iordaniyada koʻp sonli AQSH harbiylarini oʻldirganini taʼkidlagan, ammo hozircha AQSH qurbonlar boʻlmaganini aytmoqda.
Iordaniya oʻz havo hududiga kirgan 13 ta ballistik raketadan 10 tasi urib tushirilganini va uchtasi chekka hududlarga qulaganini bildirdi. Bahrayn Eron dronlari ushlab qolinib, yoʻq qilinganini maʼlum qildi.
Eron Qizil yarim oy jamiyatining xabar berishicha, sohildagi Sirik shahri yaqinidagi toʻyxonaga berilgan AQSH zarbasi oqibatida besh kishi halok boʻlgan va 50 dan ortiq inson jarohatlangan. AQSH rasmiylari bu voqeaga hozircha izoh bergani yoʻq.
Mazkur oʻzaro oʻt ochishlar iyuldan beri yuz bergan ilk jiddiy toʻqnashuv. U tomonlar oʻt ochishni toʻxtatib turgan, ammo muzokaralarga qaytishga unchalik qiziqish bildirmagan davrga yakun yasadi.
«Menga bizning hozirgi pozitsiyamiz koʻproq yoqyapti, Hoʻrmuz boʻgʻozi deyarli toʻliq nazoratimizda, ularning iqtisodiyoti esa mutlaqo qulab bormoqda», dedi Tramp. Shuningdek, Tramp eronliklarni bosh koʻtarib, «kurashga» chorladi.
Eron esa AQSH va uning ittifoqchilariga tahdid qilib, bu hujumlar «keng qamrovli va vayronkor javoblarga olib kelishi» haqida ogohlantirdi.
Rossiya-Ukraina urushi
Ukrainaning yangi qarshi hujumlari Rossiya ustidagi butun havo boʻshligʻini xavfli qilib qoʻyadi. Bu haqda seshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy maʼlum qildi.
Mavzuga oid
«Bugun biz Rossiya havo boʻshligʻidan foydalanayotgan har bir aviakompaniyani, har bir sugʻurtachini va Rossiyaning asosiy aeroportlaridan foydalanayotgan barchani ogohlantirmoqchimiz: Rossiya osmoni butunlay xavfli boʻlib qolmoqda», deb taʼkidladi Ukraina rahbari. Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya osmonida «dronlar boʻladi va buni hisobga olish kerak».
«Garchi Rossiya hukumati bu haqda tegishli tartibda xabar bermayotgan boʻlsa-da, amalda Rossiya osmoni yopiladi: Rossiya boshlagan urush uning osmonini yopmoqda», deb taʼkidladi Zelenskiy. Shu bilan birga u «bu Ukraina fuqaro aviatsiyasi uchun hech qanday xavf tugʻdirmasligini» qoʻshimcha qildi.
Zelenskiy soʻzlariga koʻra, bu maʼlumotni Ukraina va Moskvadagi xorijiy elchilar, shuningdek, Moskva, Sankt-Peterburg va Rossiya boshqa shaharlariga parvoz qiladigan aviakompaniyalar eshitishi muhim.
Zelenskiy bayonotlaridan soʻng Moskva birjasida «Aeroflot» aksiyalari 5,11 foizga arzonlab, minimum 30,36 rublgacha tushib ketdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Zelenskiyning soʻzlarini «davlat terrorizmiga ochiq daʼvo» deb atadi.
«Ular yuzma-yuz uchrashuvlar soʻramoqda. Terrorchilar bilan muzokaralar olib borilmaydi», deya qoʻshimcha qildi Rossiya prezidenti. «Biz bunga qanday javob berish vositalarini topamiz», deya xulosa qildi u.
Gʻarb OAVlarining yozishicha, milliarder Ilon Mask Ukrainaga Starlink tizimi bilan jihozlangan dronlardan foydalanishga ruxsat berishga tayyor. Shu bilan birga, Mask bu «Oq uyda qabul qilinishi kerak boʻlgan siyosiy qaror» ekanini taʼkidlagan.
Nepaldagi toshqinlar
Oʻtgan hafta Nepal va Xitoy oʻrtasida - Himolay daryosida yuz bergan kuchli toshqin oqibatida halok boʻlganlar soni kamida 1050 kishiga yetdi.
Nepalda hozirgacha 4000 kishi bedarak yoʻqolgan deb hisoblanmoqda. Xitoyda esa 16 kishi halok boʻlgani, 546 kishi bedarak yoʻqolgani xabar qilingan. Bedarak yoʻqolganlar roʻyxatida 800 ga yaqin xorij fuqarolari bor. Qidiruv-qutqaruv guruhlari ogʻir sharoitlar va nobarqaror yer relefiga qaramay, hali ham oʻz operatsiyalarini davom ettirmoqda.
Shuningdek, qidiruv itlari ham toshqinlar ortida qolgan loy va vayronalar orasida olib borilayotgan qutqarish ishlarida ishtirok etmoqda. Ayrim joylarda yoʻllar vayron boʻlib, harakatlanish va hududga kirish uzilib qolgan.
Nepal rasmiylariga koʻra, 600 dan ortiq ishchi oʻn ikkita gidroelektr stansiyasi loyihasi tunnellarida qamalib qolgan deb taxmin qilinmoqda.
26-avgust kungi toshqinlar Himolay togʻlarida muzliklarning qulashi tufayli boshlangandi. Natijada tosh, muz va erigan suvlarning kuchli oqimi pastdagi vodiylarga qarab harakatlangan. Oqim shu qadar kuchli boʻlganki, hududda 5,2 magnitudali seysmik hodisa qayd etilgan va uning yoʻlidagi barcha binolar yuvilib ketgan.
BMT Taraqqiyot dasturi dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, ofat oqibatida kamida 2,2 million tonna vayronalar, jumladan, bino qismlari, toshlar va choʻkindilar qolgan.
Bishkekdagi SHHT sammiti
Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida 31-avgust va 1-sentabr kunlari Shanxay hamkorlik tashkilotining 25 yillik yubiley sammiti boʻlib oʻtdi.
Sammit Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov raisligida oʻtdi. Unda tashkilotga aʼzo barcha 10 ta davlat yetakchilari, jumladan, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Pokiston, Oʻzbekiston, Belarus va boshqa davlatlar yetakchilari qatnashdi. Shuningdek, faxriy mehmon sifatida BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ham sammitga tashrif buyurdi.
Turkiya rahbari Erdoʻgʻan esa Bishkekka «SHHT+» formatidagi kengaytirilgan yigʻilishda ishtirok etish uchun keldi. Umuman olganda bu tadbir Erondagi urush fonida Yevrosiyo yetakchilari uchun yuzma-yuz uchrashuv oʻtkazib olishiga imkoniyat boʻldi deyish mumkin.
SHHT sammiti yakunida 28 ta muhim hujjat qabul qilingani aytilmoqda. Bosh siyosiy hujjat sifatida Bishkek deklaratsiyasi imzolandi. Unda Yaqin Sharqdagi urush harakatlari va sanksiyalar qoralandi.
Shuningdek, sammit kunlari yetakchilar «Butunjahon koʻchmanchilar oʻyinlari»ning ochilish marosimida qatnashdi.
Si Misrga keldi
Xitoy raisi Si Jinping seshanba kuni Misrga yetib keldi. Bu uning soʻnggi oʻn yillikda ilk tashrifi boʻlib, Yaqin Sharq mamlakatlari Erondagi urushi oqibatlarini his qilayotgan bir paytga toʻgʻri keldi.
Si bu tashrifdan oldin Bishkekdagi sammitda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va boshqalar bilan muzokaralar oʻtkazgandi.
Sini Qohira aeroportida Abdulfattoh as-Sisining oʻzi kutib oldi. Bugunga kelib, ikki davlat nafaqat iqtisodiy, balki harbiy sohada ham hamkorlik qilmoqda.
AQShdan yiliga taxminan 1,3 milliard dollar harbiy yordam oladigan Misr oʻtgan oyda Xitoy bilan ikkinchi yillik harbiy mashgʻulotlarga mezbonlik qildi.
Mashgʻulotlar Xitoyning J-16 qiruvchi samolyotlarining Afrikaga ilk bor joylashtirilishi hamda Fransiyaning «Rafale» samolyotlari ishtirokidagi kamdan kam kuzatiladigan mashgʻulotlari bilan yodda qoldi.
Shuningdek, Xitoy samolyoti «Rafale»ga havoda yonilgʻi quyayotgani aks etgan suratlar ham paydo boʻldi. Bu esa Pekinga Gʻarbda ishlab chiqarilgan texnikani yaqindan oʻrganish imkonini beradi.
Bundan tashqari, soʻnggi yillarda Misrga kiritilayotgan Xitoy sarmoyasi keskin oshgan: ishlab chiqarish, portlar, quyosh energiyasi, yashil vodorod va sunʼiy yoʻldosh texnologiyalari kabi sohalarga milliardlab mablagʻ yoʻnaltirildi.