Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Rossiya Britaniyaga tahdid qildi
Shu haftada Ukraina uzoq masofaga uchuvchi Britaniya raketalaridan foydalangan holda Rossiya nishonlariga hujum qildi. Rossiya bunga javoban Ukraina ichkarisi va uning tashqarisidagi Britaniya harbiy nishonlariga zarba berish haqida ogohlantirdi.
Rossiya tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova tomonidan berilgan bu ogohlantirish avval ham yangragandi, biroq bu qadar keskin ritorika bilan emas.
U Britaniya rahbariyatiga vaziyatni tahlil qilishni va «mojaroni butunlay yangi bosqichga koʻtaradigan yoʻldan darhol voz kechishni» taklif qildi.
Zaxarovaga koʻra, London «rossiyalik tinch aholiga qarshi «terrorizm harakatlari»da yuridik jihatdan sherik boʻlishga atigi bir qadam qolgan». Uning «terrorizm»ga qilgan ishorasi – Ukraina tomonidan Storm Shadow raketalaridan Donbassdagi rus nishonlariga zarba berish uchun foydalanilgani bilan bogʻliq.
Britaniya Mudofaa vazirligi matbuot kotibi «London Ukraina bilan yelkama-yelka ekani va Kiyevga oʻzini himoya qilishi» uchun kerakli uskunalar taqdim etishga sodiq»ligini aytdi.
Tahlilchilarning taʼkidlashicha, Moskvaning ogohlantirish shiddati - dushanba kuni eʼlon qilingan Britaniya qaroridan gʻazabdaligini aks ettiradi. Mazkur qarorga koʻra, Kiyevga Storm Shadow qanotli raketalarini oʻzi ishlab chiqarishni boshlashi uchun maxfiy texnologiyalardan foydalanishga ruxsat berilgan.
Zaxarovaning taʼkidlashicha, Fransiya va Britaniya «olov bilan oʻynashmoqda», bu esa oldindan aytib boʻlmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Nepalda qurbonlar oshdi
Juma tongiga kelib Nepal va Tibetdagi toshqinda tasdiqlangan qurbonlar soni 470 kishiga yetdi. Yana mingga yaqin odam bedarak yoʻqolgan, ularning kamida 540 nafari chet elliklardir.
Reutersʼning yozishicha, qutqaruv guruhlari ogʻir texnikalardan foydalanib loy va vayronalarni qazimoqda. Omon qolganlarni topish umidi soʻnib bormoqda, rasmiylar esa navbatdagi halokatli suv toshqini xavfini kamaytirish ustida ishlamoqda.
Mahalliy kasalxonalar jasadlarni sigʻdira olmagani sababli oilalar vafot etgan qarindoshlarini olib ketishiga ruxsat berilyapti.








