AQSh-Eron urushi
AQSh prezidenti Donald Tramp, garchi hech kim bu harakatini jiddiy qabul qilmagan bo‘lsa-da, «AQSh yangi hududi» degan yozuv bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi xaritasini e’lon qildi. Eron tashqi ishlar vazirligi Amerika prezidenti adashayotganini va Tehron buni tez orada tuzatishini ma’lum qildi.
Shuningdek, Tramp boshqa postida Eron bilan hech qanday so‘zlashuv yoki muzokaralar olib borilmayotganini bildirdi. «Dengiz qamali o‘z kuchida to‘liq qolmoqda. Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ochiq va ishlamoqda. Barcha suv minalari olib tashlangan yoki portlatilgan», deya qo‘shimcha qildi u.
Trampning da’volariga qaramay, bo‘g‘ozda kema qatnovlari buzilganiga doir xabarlar davom etmoqda.
Xususan, BAA Erondan uchirilgan ikkita ballistik raketa aniqlanganini, raketalar «dengiz transporti qatnovi»ni nishonga olganini ma’lum qildi. Har ikki raketa ham dengizga qulagan. BAA bunga javoban mintaqadagi ziddiyat kuchayishini ro‘kach qilib, Eron bilan barcha savdo faoliyati, ayirboshlash va moliyaviy operatsiyalarni keyingi ogohlantirishgacha to‘xtatdi.
Eron tashqi ishlar vazirligi esa bu holatlarni rad etdi va BAAning ayblovlari «asossiz» ekanligini aytdi.
Eronning bosh muzokarachisi Muhammad Boqir G‘olibof AQSh iyun oyida imzolangan kelishuv shartlarini bajarmaguniga qadar bo‘g‘oz yopiq qolishini aytmoqda.
Shuningdek, Eron oliy rahnamosi maslahatchisi Muhammad Muxbir Tehron Vashington bilan muloqot uchun ochiq qolayotganini, biroq muzokaralarni taslim bo‘lish bilan adashtirmaslik kerakligini ta’kidladi.
Isroil yana G‘azoga zarba berdi
Seshanba kuni G‘azo sektorida Isroilning havo zarbasi oqibatida kamida olti nafar falastinlik halok bo‘ldi. Voqea Donald Trampning vakili Jared Kushnerning G‘azodagi sulh bo‘yicha Netanyahu bilan uchrashuvidan bir kun o‘tib yuz berdi.
Isroil harbiylari Hamas qo‘mondonlari va boshqa bir necha jangchilarga qarshi havo zarbasi berganini ma’lum qildi. Ularning aytishicha, nishonga olinganlardan biri 2023-yil 7 oktyabrda Isroilga qilingan hujumda ishtirok etgan. Harbiylar bunga dalil keltirmadi.
G‘azo shifokorlarining ta’kidlashicha, Isroil samolyoti G‘azo shahrining g‘arbiy qismidagi kichik qahvaxonaga ikkita raketa otgan. Oqibatda olti kishi halok bo‘ldi, yana 14 kishi yaralandi. Bu hudud urush davrida falastinlik oilalar uchun yirik ko‘chirilganlar lageriga aylanib qolgandi.
Hamas esa Isroilni urushni tugatish rejasini sabotaj qilishga urinayotganlikda aybladi, ammo guruh kelishuvga sodiq ekanini bildirdi. Guruh xabariga ko‘ra, zarbada halok bo‘lganlar orasida bir bola ham bo‘lgan.
Hamas Isroildan o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilishni va o‘z kuchlarini G‘azodan olib chiqib ketishni talab qilmoqda. Isroil esa dastlab qurolsizlanish bo‘lishini xohlamoqda.
Tomonlarning ma’lumotlariga ko‘ra, oktyabrda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganidan beri G‘azoda 1200 dan ortiq falastinlik va to‘rt nafar isroillik askar halok bo‘lgan.
Meta'ga qarshi katta sud boshlandi
18-avgust kuni Qo‘shma Shtatlarda Meta kompaniyasiga qarshi sud jarayoni boshlandi. AQShning 29 shtatidan iborat koalitsiya kompaniya ustidan sudga da’vo arizasi kiritgan. Ular Facebook va Instagram ijtimoiy tarmoqlari reklama daromadini oshirish maqsadida bolalar va o‘smirlarda qaramlikni keltirib chiqarish hamda ularning ruhiy salomatligiga zarar yetkazish uchun maxsus ishlab chiqilganini ta’kidlamoqda.
Kompaniya, shuningdek, platformalarning yosh foydalanuvchilar uchun xavfsizligi borasida iste’molchilarni chalg‘itishda ham ayblanmoqda.
«Meta biznes-modelini to‘rtta ibora bilan ifodalash mumkin: foydalanuvchini jalb qilish, uni iloji boricha uzoqroq ushlab turish, ma’lumotlarini yig‘ish va keyin haqiqatni yashirish. Yoshlar – eng yaxshi o‘ljalar: ular orqali ko‘proq pul ishlash mumkin», dedi Oklenddagi federal sudda da’vogarlar nomidan ishtirok etgan advokat.
Meta yuristlari bu ayblovlarni rad etib, shtatlarning bosh prokurorlari foydalanuvchilarni chalg‘itganlik borasida dalillar keltirmaganini aytdi. Kompaniyaga ko‘ra, da’vogarlar platformalarning ishlash usullari, dizayniga asossiz o‘zgartirishlar kiritish va «haddan tashqari katta to‘lovlar» undirishga urinmoqda.
Meta kompaniyasining o‘z hisob-kitoblariga ko‘ra, agar u sudda yutqazsa, unga 1,4 trillion dollargacha jarima solinishi mumkin. Bu esa uning bozor kapitallashuviga (bozor qiymatiga) yaqinlashadi.
Taxminan besh hafta davom etishi rejalashtirilgan sud jarayoni - o‘smirlarning ruhiy salomatligiga yetkazilayotgan zarari uchun ijtimoiy tarmoqlar global miqyosda tanqid qilinayotgan bir vaqtda bo‘lib o‘tmoqda.
Tramp Kim bilan uchrashmoqchi
Prezident Donald Tramp AQShning ishtirokini sezilarli darajada qisqartirishni buyurganidan so‘ng, Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlar yillik qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar 11 kundan 5 kungacha qisqartiriladigan bo‘ldi.
Mashg‘ulotlardagi ushbu o‘zgarish Xitoy tashqi ishlar vazirining mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun Janubiy Koreyaga tashrifi fonida yuz bermoqda.
Janubiy Koreya mudofaa vaziriga ko‘ra, ikkinchi bosqichda bekor qilingan mashqlar qarshi hujum operatsiyalarini o‘z ichiga olishi kutilgandi.
Shuningdek, ba’zi qo‘shma dala manyovr mashg‘ulotlari ham qisqartiriladi. Pentagonga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlar AQShning tayyorgarlik maqsadlariga hech qanday zarar yetkazmaydi.
Bu o‘zgarishlar Tramp Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bilan «juda yaxshi munosabatlari»ni ro‘kach qilib, mashg‘ulotlardagi AQSh rolini qisqartirishni buyurgach, ro‘y bermoqda.
Tahlilchilarga ko‘ra, aslida Tramp Seulga AQShga kiritish va’da qilingan sarmoyalar sur’ati bo‘yicha bosim o‘tkazmoqchi. Shuningdek, Pxenyan bilan diplomatiyani qayta boshlashni ham xohlamoqda.
Wall Street Journal nashrining manbalariga ko‘ra, Tramp o‘z yordamchilariga shu yilning kuzidayoq Kim bilan yuzma-yuz uchrashuv tashkillashtirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Shimoliy Koreya esa mashg‘ulotlarni doimgidek qoralab, Qo‘shma Shtatlar va Janubiy Koreyani yarimorolda ziddiyatni kuchaytirayotgan «urushga gijgijlovchilar» deb atadi.
Isroil Suriyaga zarba berdi
Isroil seshanba kuni «Abu-Duhur» aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi va omborxonasiga sakkizta havo zarbasi berdi. Bu haqda xabar bergan Suriya OAVlariga ko‘ra, qurbonlar haqida hech qanday xabar tushmagan.
Isroil hukumati zarbalar yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri izoh bermadi. Ammo o‘z bayonotida Suriya xavfsizlik bo‘yicha status-kvoni «buzish arafasida» ekanligini aytdi: «Isroil va Suriya xavfsizlik masalalarida status-kvo bo‘yicha kelishib olgandi. Suriya esa Halab yaqinidagi aviabazaga turk qo‘shinlarining joylashishiga ruxsat berib, buni buzish arafasida edi», deyiladi Netanyahu ofisining bayonotida.
Ahmad ash-Shar’a iqtidorga kelganidan beri Isroil Suriyaning markaziy va janubiy qismlariga havo zarbalari berib kelmoqda.
Suriya va Turkiya rasmiylari mintaqada ziddiyatning kuchayishiga xavf tug‘dirayotgan hujumlarda Isroil harbiylarini ayblagan.
Suriya tashqi ishlar vazirligi bu hujumlarni mintaqaviy «xavfsizlik va barqarorlik»ni xavf ostiga qo‘yuvchi «asossiz tajovuzkorlik akti» deb atadi.
Shuningdek, AQShning Turkiyadagi elchisi, Donald Trampning Suriya va Iroq bo‘yicha maxsus elchisi etib tayinlangan Tom Barrak ham ushbu hujumlarni tanqid qildi.
«Isroilning ‘Abu-Duhurʼ aviabazasiga bergan tasdiqlangan havo zarbalari mintaqaviy barqarorlikka hissa qo‘shmaydigan, ziddiyatning keraksiz tarzda kuchayishidan chuqur xavotirdamiz», deb yozdi Barrak.
Turkiya o‘z chegarasidan 70 km uzoqlikda joylashgan «Abu-Duhur» aviabazasiga o‘z qo‘shinlari ko‘chirilganini tasdiqlamadi. Biroq, Anqara Isroilning “xavf tug‘dirayotgani” haqidagi da’vosini rad etdi.
Turkiya shikastlangan harbiy ob’yektlarini qayta tiklashga harakat qilayotgan Suriyaga yordam berib kelmoqda. Xususan, «Abu-Duhur» ham 2013-yildan beri maxsus harbiy aerodrom sifatida faoliyat yuritmaydi.








