O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
Japarov Tashiyev haqida gapirdi
Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov «2027-yilda o‘z lavozimini tark etishni va Qamchibek Tashiyevni o‘zining vorisi sifatida qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirganini» aytdi. Japarovga ko‘ra, u keyinchalik o‘zining ko‘p yillik siyosiy sherigi prezidentlikka tayyor emas, degan qarorga kelgan.
Jurnalist Ali Toktakunovga bergan intervyusida Japarov bekor qilingan vorislik rejasini bayon qildi. «Qamchi prezident bo‘ladi, men esa iste’foga chiqaman. Menda shunday reja bor edi», dedi Japarov.
Prezident bu reja haqida Tashiyevga taxminan bir yil oldin aytgan va uni prezidentlikka tayyorgarlik ko‘rishga chaqirgan. Japarov keyinchalik «Tashiyev bunga tayyor emas» degan xulosaga kelgan. U bunga Tashiyevning ayrim xodimlari va safdoshlarining xatti-harakatlarini, «75 kishining xati» va parlamentdagi bo‘linish belgilarini sabab qilib ko‘rsatdi.
Japarov Tashiyevni chaqirib, unga: «bunday qilib bo‘lmaydi, odamlarni ikkiga ajratish mumkin emas», deganini aytdi. Shuningdek, u Tashiyevni lavozimidan chetlatilishi haqida ogohlantirganini bildirdi.
U Tashiyevning xavfsizlik idoralaridagi faoliyati va ulkan hissasini ta’kidladi, biroq u dam olishi va qayerda xatoga yo‘l qo‘yganini o‘ylab ko‘rishi kerakligini aytdi.
Japarov, shuningdek, 2027-yilda yana bir muddatga nomzodini qo‘yish niyatida ekanini shaxsan tasdiqladi. Reuters xabariga ko‘ra, u: «Men yana bir muddatga o‘z nomzodimni qo‘yish niyatidaman va o‘z ishimni davom ettiraman», degan.
AQSh Eronga bosimni oshirmoqchi
AQSh rasmiylari Eronning dengiz qamalini cheksiz muddatga ushlab turishi mumkinligini va Tehronga nisbatan iqtisodiy bosimni kuchaytirishini ma’lum qildi.
«Qo‘shma Shtatlar Harbiy-dengiz kuchlari bunday qamalni cheksiz muddat ushlab turishi mumkin, chunki biz hozirgacha bo‘lgani kabi kemalarni almashtirib turamiz va buni davom ettiramiz», dedi AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset.
Moliya vaziri Skott Bessent esa Qo‘shma Shtatlar Eronga yanada ko‘proq moliyaviy zarar yetkazishni rejalashtirayotganini aytdi.






