AQSh-Eron urushi

Eron «to‘liq hujumkor» harbiy pozitsiyaga o‘tadi, chunki AQSh bilan urushni butunlay tugatish bo‘yicha muzokara harakatlari to‘xtab qolgan. Bu haqda dushanba kuni Eronning yuqori martabali rasmiysi Reuters’ga xabar berdi.

«Eron kuch tuzilmalari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va kengroq mintaqada ziddiyatlarni kuchaytirishga tayyor bo‘lishi kerak. Chunki Eron qiyin qarorlar qabul qilishga va ular bo‘yicha harakat qilishiga to‘g‘ri keladi», degan eronlik rasmiy. Shuningdek, u diplomatiya ish bermasa, AQShning dengiz qamalini yorib o‘tish uchun Tehron «o‘z vaqtida va aniq» harbiy hujum uyushtirishini qo‘shimcha qildi.

Kecha AQSh tomoni vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni uzaytirish masalasi ko‘tarilmaganini aytgandi.

17-iyun kuni imzolangan vaqtinchalik memorandum - Eron va AQShga yakuniy tinchlik kelishuviga erishish uchun 60 kun muddat bergan. Bu muhlat dushanba kuni tugadi. Ushbu kelishuv - Ho‘rmuz bo‘g‘ozi nazorati bo‘yicha kelishmovchilik tufayli barbod bo‘ldi.

Eron o‘zaro anglashuv memorandumining 5-bandi unga O‘mon bilan bo‘g‘ozni boshqarish huquqini berishini aytmoqda. AQSh esa bu talqinni rad etdi. Eronlik rasmiyga ko‘ra, kelgusi muzokaralar uchun dastlabki shart sifatida AQSh – bir necha hafta ichida memorandumning barcha qoidalarini to‘liq bajarishi kerak.

AQSh esa Eron-O‘mon muzokaralaridan norozi. Xususan, Donald Tramp agar sultonlik Amerikaning Eron kemalariga qarshi qamaliga to‘sqinlik qilsa, ularga ham zarba berish bilan tahdid qildi: «Agar O‘mon yo‘limizga g‘ov bo‘lsa, ularni ayovsiz bombardimon qilamiz», dedi Tramp.

Shu bilan birga, diplomatiyaning bir uchquni sifatida Tramp ma’muriyati Erondagi Muhofizlar korpusi bilan ham, siyosiy elita bilan ham muzokaralarni olib borayotgani aytilmoqda.

Urushga qarshi inson qamaldi

Rossiyaning muxolifatdagi «Yabloko» partiyasi yuqori martabali a’zosi Lev Shlosberg «armiyani obro‘sizlantirishga qaratilgan ommaviy harakatlar»da aybdor deb topildi va 11 yil 1 oyga axloq tuzatish koloniyasiga hukm qilindi.

Shlosberg urushni Rossiya uchun halokat deb atagandi. Kremlga ko‘ra, u armiya haqida tuhmatdan iborat yolg‘on tarqatmoqda. Dushanba kuni Pskovdagi sudda Shlosberg o‘zining aybsizligini ta’kidlab, siyosiy sud jarayoni qurboni ekanini aytdi.