11-avgustdan 17-avgustgacha boʻlgan davrda Rossiyaning 40 ta hududida benzin narxi oshgan. Eng koʻp oʻsish Krasnoyarsk oʻlkasida – 8,1% ni tashkil etmoqda. Rosstat maʼlumotlariga koʻra, RFning yana 20 ta subyektlarida narxlar pasaygan. Eng katta pasayish Tivada - 3,6%.
Yoqilgʻi-energetika majmuasi markaziy dispetcherlik boshqarmasi maʼlumotlari, umumiy olganda – yil boshidan 12-iyulga qadar yoqilgʻi quyish shoxobchalarida AI-92 va AI-95 benzini oʻrtacha 7,4% ga qimmatlashgan. Dizel yoqilgʻisi narxi esa 12,1% ga oshgan.
Faqatgina benzin narxida emas, balki uning mavjudligida ham muammolar bor, deb yozmoqda Meduza. Moskva va Sankt-Peterburgda ayrim tarmoqlar yoqilgʻi sotishga yana limitlar joriy qildi. Ikkala shahardagi «Tatneft» yoqilgʻi quyish shoxobchalarida bir xaridorga 50 litrgacha benzin va 60 litrgacha dizel berilmoqda.
«Gazprom neft» shoxobchalarida esa – 60 litrgacha benzin, dizel uchun limit yoʻq. Moskva shoxobchalarida navbatlar dam olish kunlariyoq paydo boʻla boshladi. «Rossiyskaya gazeta»ning yozishicha, moskvaliklar navbatsiz yoqilgʻi quyib olish uchun ertalab soat beshda turmoqda.
Mamlakatdagi benzin bilan bogʻliq vaziyatni ochiq manbalar asosida kuzatib boruvchi BenZinMap portali maʼlumotlariga koʻra, 20-avgust holatiga koʻra, kamida 59 ta hududda yoqilgʻi sotishga qatʼiy cheklovlar kiritilgan.

Rossiyaning yana 17 subyektida mahalliy uzilishlar yoki narxlarning sezilarli oʻsishi kuzatilmoqda. 16-avgust holatida esa Rossiya yoqilgʻi quyish shoxobchalarining atigi 28 foizida benzin va dizel yoqilgʻisi mavjud boʻlgan.
Rossiya OAVlarining yozishicha, yoqilgʻi inqirozining ikkinchi keng koʻlamli toʻlqini mamlakatni bir tekisda qamrab olayotgani yoʻq. Iyun oyidagidek, yoqilgʻi taqchilligi boʻyicha eng koʻp shikoyatlar Sibir hududlaridan kelib tushmoqda. Masalan, Irkutsk viloyatining Bodaybo tumanida benzin zaxiralari bir oy ichidayoq tugab qolishi mumkin. Yangi taʼminotlar esa hozircha kutilmayapti. Taqchillik shuningdek, Krasnodar oʻlkasi, Tambov va Astraxan viloyatlarida ham kuzatilmoqda. Samara viloyatida esa yoqilgʻi sotish boʻyicha amaldagi cheklovlar uzaytirildi. Biroq uni qoʻshimcha benzin bochkalariga quyib olishga ruxsat berildi.

Motor moylari ham kamaymoqda
Nashrning yozishicha, yoqilgʻi inqirozining yangi toʻlqini fonida motor moylarini yetkazib berishda ham uzilishlar yuzaga keldi. Hozircha toʻliq taqchillik yoʻq, ammo sotuvdan ayrim mahsulotlar yoʻqolgan. Shuningdek, yetkazib berish muddatlari oshgan, ayrim segmentlarda esa narxlar 40 foizgacha koʻtarilgan.
Gap nafaqat import moylari, balki Rossiyada ishlab chiqarilgan moylar yetishmovchiligi haqida ham ketmoqda. Uzilishlar – dron hujumlari sababli ayrim neftni qayta ishlash zavodlari faoliyati toʻxtatilgani, shuningdek, mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan xorijiy qoʻshimchalari (prisadkalar) yetishmasligi bilan bogʻliq.

Bundan tashqari, soʻnggi bir necha hafta ichida Volgograd, Saratov, Yaroslavl, Nijnekamsk, Samara viloyati, Krasnodar oʻlkasi va Boshqirdistondagi neftni qayta ishlash zavodlari ham dronlar hujumiga uchragan.









