Latviya Markaziy statistika boshqarmasi 20-avgust kuni Rossiya va Belarus bilan savdo qilishda davom etayotgan mahalliy kompaniyalar ro‘yxatini birinchi marta e’lon qildi.

Ro‘yxatdan Rossiya va Belarusga mahsulot eksport qilayotgan yoki ushbu davlatlardan tovar import qilayotgan 170 ga yaqin Latviya kompaniyasi joy olgan.

Shu bilan birga, ro‘yxatga kiritilgan kompaniyalar xalqaro sanksiyalarni buzayotgani anglatilmaydi. Ular cheklovlar tatbiq etilmaydigan sohalarda Rossiya va Belarus bilan qonuniy ravishda savdo qilishi mumkin. Bunga, masalan, ayrim oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari savdosi kiradi.

Ma’lum qilinishicha, Rossiya va Belarus bilan biznes yuritayotgan Latviya kompaniyalarining ochiq reyestri bundan buyon har oy yangilab boriladi.

Ayrim mahalliy ommaviy axborot vositalari mazkur reyestrni «sharmandali ro‘yxati» deb atagan.

Kompaniyalar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish iyun oyida Ukraina tinch aholisini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonunga kiritilgan o‘zgartishlardan so‘ng mumkin bo‘ldi. Bunga qadar Rossiya va Belarus bilan savdo qilayotgan mahalliy kompaniyalar haqidagi bunday ma’lumotlar jamoatchilik uchun ochiq emas edi.

Endilikda iste’molchilar, biznes hamkorlar va boshqa kompaniyalar Rossiya yoki Belarus bilan savdoni davom ettirayotgan firmalar haqida ochiq ma’lumot olishlari mumkin. Bu ularga reyestrga kiritilgan kompaniyalar bilan hamkorlikni davom ettirish yoki ettirmaslik bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish imkonini beradi.

Latviya Ukrainaga yaqin siyosiy hamkorlardan biri hisoblanadi. Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan keyin Riga Rossiya va Belarus tovarlari importiga qator cheklovlar kiritgan.

Bundan tashqari, ko‘plab Latviya kompaniyalari Rossiya va Belarus bilan savdo aloqalarini ixtiyoriy ravishda to‘xtatgan yoki sezilarli darajada qisqartirgan.