Qadimdan Buyuk ipak yoʻli chorrahalaridan biri boʻlgan Navoiy hududida yangi turistik maskanning tashkil etilishi hududning sayyohlik salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

8 million AQSH dollari qiymatidagi loyiha 4 gektar maydonni egallaydi. Majmuada tropik va subtropik bogʻ, ekzotik oʻsimliklar, rang-barang gullar, favvoralar va suv havzalari, bolalar maydonchalari, zamonaviy attraksionlar, restoran va oilaviy dam olish zonalari tashkil etildi. Shuningdek, innovatsion va sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish rejalashtirilgan.

Loyihaning muhim yoʻnalishlaridan biri agroturizm boʻladi. Majmua hududidagi zamonaviy issiqxonalarda qulupnay, golubika, pomidor va bodring yetishtiriladi. Mehmonlar issiqxonalardagi jarayonlar bilan tanishishi, shuningdek, chorvachilik yoʻnalishi orqali qishloq xoʻjaligi bilan yaqindan tanishishi mumkin boʻladi.

Majmua M37 xalqaro avtomobil yoʻli boʻyida joylashgan. Ushbu yoʻnalishda kuniga qariyb 40 mingta avtomobil harakatlanadi. Bu esa maskanni nafaqat Navoiy aholisi, balki boshqa hududlardan keluvchi mehmonlar, avtoturistlar va xorijiy sayyohlar uchun ham qulay dam olish nuqtasiga aylantirish imkonini beradi.

“Malik Karvon Family Park” sentabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 150 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

Yangi majmua Buyuk ipak yoʻli boʻyidagi tarixiy hududning turistik imkoniyatlarini zamonaviy dam olish, agroturizm va koʻngilochar xizmatlar bilan birlashtiradigan maskanlardan biriga aylanishi kutilmoqda.