11-oktabrga oʻtar kechasi Ukraina dronlari «Yandeks»ning Vladimirdagi data-markaziga ham hujum qildi.

Kompaniya data-markaz infratuzilmasi zarba oqibatida shikastlangani, uning faoliyati butkul toʻxtaganini maʼlum qilgan. Jabrlanganlar yoʻq.

«Qolgan resurslar konfiguratsiyasini beqaror deb hisoblaymiz. Platformaning ishlash rejimi favqulodda holatda – boshqa har qanday muqobil favqulodda tiklash rejalarini ishga tushirishni tavsiya etamiz. Texnik qoʻllab-quvvatlovchi aloqa kanallari beqaror ishlashi mumkin», – deb xabar bergan Yandex Cloud Alerts telegram-kanali.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ushbu hujum oqibatida voqea joyida kuchli yongʻin chiqqanini koʻrish mumkin.

Bu ukrainlar «Yandeks» kompaniyasi obyektlariga bir hafta ichida uchinchi marta hujum qilishi boʻlmoqda. Bungacha «Yandeks»ning Ryazan va Kaluga oblastlaridagi data-markazlari ham zarba ostida qolgandi. Ryazan oblasti Sasovo shahriga hujum oqibatida kompaniyaning uchta uchta superkompyuteridan ikkitasi – «Chervonenkis» va «Lyapunov» ishdan chiqqandi. Uchinchi superkompyuter «Galushkin» esa aynan Vladimirdagi data-markazda joylashgandi.

Bu hujumlardan keyin Rossiyaning turli hududlarida «Yandeks» xizmatlarining bir qismidan, jumladan, «Yandeks Go», «Yandeks Pey», «Yandeks Yeda», «Yandeks Pro», «Kinopoisk», «Alisa» va boshqalardan foydalanib boʻlmayapti.

Mamlakatning turli shaharlaridagi foydalanuvchilar taksi chaqira olmayotgani va yetkazib berishga buyurtma bera olmayotganidan shikoyat qilmoqda. «Rostov-Don shahrida barcha taksilar toʻliq toʻxtab qolgan. Hatto mahalliylari ham», – deb yozadi «Ostorojno, novosti» telegram-kanali oʻquvchilari.

MDHning boshqa mamlakatlarida, jumladan, Oʻzbekistonda ham xizmatlar faoliyatida uzilishlar kuzatilmoqda. Xususan, 11-oktabr tongida taksi buyurtma qilish, yetkazib berish va boshqalarni birlashtiruvchi «Yandeks Go» xizmati faoliyatida bir necha soatlik uzilishlar roʻy berdi. Taksi buyurtma qilishga urinishda narxlar koʻrinmagan va buyurtmani rasmiylashtirish imkoni boʻlmagan.

Ikki kun oldin esa Ryazan oblastidagi data-markazga hujumdan keyin Oʻzbekistondagi eng yirik marketpleys Uzum Market ishida ham muammolar yuzaga kelgandi.

«Yandeks» kompaniyasi oltita data-markazga egalik qiladi. Ochiq maʼlumotlarga koʻra, hali hujumga uchramagan yana ikkita markaz Moskva oblastida, uchinchisi – Moskva shahrida joylashgan.