Tasavvur qilaylik, fuqaroning mulkiy nizosi bor. Yoki u mehnat huquqi buzilgan deb hisoblaydi. Balki davlat organining qaroridan norozi. Ehtimol, öz konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qiliş uçun tegişli tartibda murojaat qilmoqçi.
Qonun unga maʼlum bir huquqni berişi mumkin, lekin bu huquqdan qanday foydalaniş, qayerga murojaat qiliş, qanday hujjatlarni tayyorlaş, öz talabini qanday asoslaş yoki zarur dalillarni qanday taqdim etiş masalasi real hayotda hal qiluvçi ahamiyatga ega bölib qolaveradi.
Qonunda belgilangan huquq va undan foydalaniş imkoniyati
Huquqiy davlat haqida gapirganda köpinça qonunlarning sifati, ularning inson huquqlarini kafolatlaşi haqida söz yuritamiz. Bu, albatta, juda muhim. Ammo yaxşi qonunning özi yetarli emas. Çunki fuqaro öz huquqidan foydalana olmasa, nazariy jihatdan mavjud bölgan huquq amaliyotda işlatilmasligi mumkin.
Masalan, inson sudga murojaat qiliş huquqiga ega, biroq daʼvo arizasini qanday tuzişni bilmaydi. U davlat organining qaroridan şikoyat qiliş huquqiga ega, ammo belgilangan tartib va muddatlardan bexabar. Yoki öz manfaatlarini sudda himoya qiliş uçun qanday dalillar zarurligini tuşunmaydi.
Demak, masala faqat “huquq bormi?” degan savolda emas. “Bu huquqdan amalda foydalaniş imkoniyati qançalik?” degan savol ham şunçalik muhim.
Şu maʼnoda yuridik yordam tizimi – huquqiy davlatning kundalik hayotdagi eng muhim mexanizmlaridan biri.
Yuridik yordam faqat advokatlik masalasi emas
Yuridik yordam haqida gap ketganda, köpinça birinçi navbatda advokat köz oldimizga keladi. Bu tabiiy, advokatura – huquq va qonuniy manfaatlarni himoya qiliş tizimining muhim böğini hisoblanadi. Biroq zamonaviy yuridik yordam tizimini faqat advokatlik faoliyati bilan çeklaş töğri bölmaydi.
Fuqaro turli vaziyatlarda turli subektlarning huquqiy kömagiga muhtoj bölişi mumkin. Masalan, sud, prokuratura, notariat, davlat organlarining tegişli bölinmalari, yuridik xizmatlar, bepul huquqiy maslahat beruvçi markazlar va boşqa institutlar öz vakolati doirasida fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlaşga xizmat qiladi.
Şuning uçun yuridik yordam tizimiga kengroq nuqtayi nazardan qaraş lozim. Asosiy masala qaysi idora yoki qaysi kasb egasi yordam körsatayotganida emas, balki fuqaro öz muammosi böyiça öz vaqtida, sifatli va tuşunarli huquqiy kömak ola bilişidadir.











