Maʼlumki, 7-avgust kuni butun dunyo musulmonlari uçun muqaddas Makka şahrida, Kaʼba fonida uçta yirik musulmon davlati: Saudiya Arabistoni, Turkiya va Pokiston “Makka pakti”ni imzolagan edi. Paktga köra, iştirokçi davlatlardan biriga qilingan taşqi hujum uçala davlatga ham qilingan hujum deb hisoblanadi.

Bu pakt imzolanganda, köpçilik “hali bu pakt hayotda qanday işlaydi, taşkilotga aylana oladimi?” degan savollarni qöyişgan edi. Bunday işonçsizlik uçun tarixiy asoslar juda kuçli edi. Lekin oradan uç hafta ötib, 31-avgust kuni Turkiyaning Istanbul şahrida bu davlatlarning taşqi işlar va mudofaa vazirlari iştirokida taşkilot tuziş borasidagi kelişuv imzolandi. Demak, endi “Makka pakti” – bu şunçaki uç davlatlar örtasidagi davlatlararo kelişuv emas, balki “Makka mudofaa alyansi” nomli tölaqonli mudofaa taşkilotiga aylana boşladi. Asosiy kelişuvlar qanday?

Birinçidan, Makka mudofaa alyansining ştab-kvartirasi Saudiya poytaxti Ar-Riyod şahrida joylaşadi, kotibiyatda köplab xodimlar doimiy işlaydi.

Ikkinçidan, taşkilotning asosiy koordinatori – boş kotib böladi, u har uç yilda aʼzo davlatlardan rotatsiya asosida saylanadi. birinçi boş kotib – Pokiston vakili bölişi kelişib olindi.

Uçinçidan, Makka mudofaa alyansi aʼzo davlatlarning mudofaa salohiyati, armiyalarning jangovarlik holati, harbiy sanoat va boşqa xavfsizlik masalalarida uç davlat imkoniyatlarini birlaştirib, oşirib boradi. Boşqaça qilib aytganda, Makka pakti – davlatlar örtasida tölaqonli xavfsizlik va mudofaa potensialini birlaştirib boradi.

Mezbon Turkiya taşqi işlar vaziri Hoqon Fidan Pokiston va Saudiya Arabistoni vazirlari va generallari bilan. 2026-yil 31-avgust, Istanbul / Foto: Anadolu Agency

Eʼtiborlisi, uç hafta içida Makka paktiga aʼzo davlatlar taşkilot tuzişga kelişib olişdi va taşkilot faoliyatini boşlab yubordi. Tarixiy mezonlar bilan ölçaganda, vaziyat juda tez özgaryapti. Bu uç davlat nihoyatda şoşilyapti. Nega? Ular nimadan xavotirda? Ularni qaysi davlatlar yoki kuçlar qörqitdi, qörqitmoqda?

Keyingi uç yil içida Turkiya va Isroil örtasidagi munosabatlar nihoyatda taranglaşdi. Çunki Turkiya Isroilning Ğazodagi genotsidiga qarab tura olmadi, tanqid qildi. Bu tanqidlar Isroilga yoqmadi. Şu sabab, Isroil elitasi “Turkiya – bu Isroil uçun yangi Erondir”, yaʼni “eng asosiy duşmandir” degan konsepsiyani oldinga surdi.