Reuters va AFP agentliklari 11-sentabr kuni Yamanning xalqaro miqyosda tan olingan hukumatidagi manbalarga tayanib xabar berishicha, hukumat qoʻshinlari Bob al-Mandab boʻgʻozidagi Perim (Mayyun), Zukar va Xanish orollarini tark etgan. Shundan soʻng orollar husiychilar nazoratiga oʻtgan.
Husiychilarning oʻzi ham ushbu orollar egallanganini tasdiqlagan.
Mazkur hududlar strategik jihatdan muhim hisoblanadi. Chunki ularni nazorat qilish Bob al-Mandab boʻgʻozidagi kema qatnoviga taʼsir oʻtkazish imkonini beradi.
Bob al-Mandab Qizil dengizni Arab dengizi bilan bogʻlaydi va Yevropa hamda Osiyo oʻrtasidagi asosiy dengiz savdo yoʻllaridan biri hisoblanadi. U orqali jahon yuk tashuvlarining taxminan 12 foizi oʻtadi. Bu yoʻnalish neft va boshqa energetika resurslarini tashish uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Boʻgʻozning ahamiyati Hoʻrmuz boʻgʻozidagi vaziyat tufayli yanada oshgan. AQSH va Isroilning Eron bilan urushi oqibatida Hoʻrmuz boʻgʻozi toʻsib qoʻyilgani sabab Bob al-Mandab yoʻnalishi, ayniqsa Saudiya Arabistoni uchun muhim muqobil yoʻllardan biriga aylangan.
Husiylar harbiy qanotining rasmiy vakili Yahyo Sari Bob al-Mandab boʻgʻozida kema qatnovi «Saudiya kemalaridan tashqari barcha tijorat kemalari uchun xavfsiz» ekanini maʼlum qildi.
Biroq husiychilarning strategik orollarni egallashi jahon bozorlarida xavotir uygʻotgan. Xususan, vaziyat neft narxlarining yana oshishiga olib kelishi mumkinligidan xavotirlar mavjud.
Husiychilar Moxa portini ham egallagan
Bundan bir kun avval husiychilar Yamanning Bob al-Mandab boʻgʻozi sohilida joylashgan Moxa port shahri ustidan ham nazorat oʻrnatgani maʼlum boʻlgan edi.
Shundan soʻng Saudiya Arabistoni harbiy aviatsiyasi shahardagi aerodromga havo zarbalari bergan. Bu haqda husiychilar nazoratidagi telekanal xabar bergan.
Axios nashri maʼlumotlariga koʻra, Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon 10-sentabr kuni AQSH prezidenti Donald Trampga ikki marta qoʻngʻiroq qilib, husiychilarga zarba berishni soʻragan.
Biroq manbalarga koʻra, Tramp bu iltimosni rad etgan. AQSH maʼmuriyati husiychilar bilan mojaroga bevosita aralashishni istamayotgani bunga sabab sifatida koʻrsatilgan.














