DW xabariga koʻra, al-Alimiy 25-sentabr, juma kuni mamlakat aholisiga murojaat qilib, fuqarolarni Yaman mudofaasiga hissa qoʻshishga undagan.
Murojaat Eron qoʻllab-quvvatlaydigan husiychilar bilan davom etayotgan mojaro yanada keskinlashgan bir paytda yangradi. Bir necha hafta avval husiychilar hukumat qoʻshinlariga zarbalar bergan. Nashrning yozishicha, Saudiya Arabistoni harbiy aviatsiyasi koʻmagiga qaramay, Yaman armiyasi chekinishda davom etmoqda.
Husiychilarning harbiy yutuqlari va strategik yoʻllar
DW maʼlumotiga koʻra, soʻnggi oylarda husiychilar Yamanning Qizil dengiz boʻyidagi butun sohilini, shuningdek, Bob al-Mandab boʻgʻoziga tutash hududlarni egallagan.
Nashrning qayd etishicha, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon mazkur boʻgʻozning strategik ahamiyati oshgan. U Hoʻrmuz boʻgʻozi blokadasi tufayli neft yetkazib berishda yuzaga kelgan uzilishlarni qisman qoplash imkonini beruvchi muqobil savdo yoʻli sifatida qoʻllanmoqda.
Maqolada husiychilarning harbiy muvaffaqiyatlari Eron va uning ittifoqchilariga mintaqadagi muhim suv yoʻllari ustidan nazoratni mustahkamlash imkonini bergani taʼkidlangan. Bu Saudiya Arabistoni va Fors koʻrfazidagi boshqa davlatlarning jahon bozoriga neft eksportiga taʼsir koʻrsatmoqda. Isyonchilar hujumlari xalqaro savdo yoʻllariga tahdid solib, elektr energiyasi narxlari oshishiga ham turtki bermoqda.
Reuters xabariga koʻra, husiychilarning oldinga siljishiga Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi rahbarlik qilmoqda. Agentlikning Tehrondagi manbalari Eron shu yoʻl bilan AQShga qarshi qarama-qarshilikda yangi front ochishga intilayotganini aytgan.
Hujumlar geografiyasi kengaymoqda
Yamanda 2014-yildan buyon fuqarolar urushi davom etmoqda. Mojaro mamlakatning amalda oʻzaro kurashayotgan uch tomon oʻrtasida boʻlinib ketishiga olib kelgan.
Husiychilar mamlakatning shimoliy va gʻarbiy viloyatlarini, jumladan, poytaxt Sanoni egallagan. DW maʼlumotiga koʻra, ular nazoratidagi hududlarda Yaman aholisining qariyb 70 foizi yashaydi.
Sentabr boshida husiychilar Yaqin Sharqdagi harbiy harakatlarini kengaytirishini eʼlon qilib, Saudiya Arabistoni janubidagi toʻrt shaharga zarba bergan. Keng koʻlamli hujum oqibatida 70 dan ortiq kishi jabrlangan, neft obyektlarida yongʻinlar chiqqan.

















