Yaman husiychilari 19-sentabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoddagi «nozik» obyektlarga raketa va dronlar bilan zarba berganini maʼlum qildi.
Husiychilarning bayonoti shahardagi asosiy aeroport yaqinida yongʻin va tutun ustuni kuzatilganidan bir necha soat oʻtib eʼlon qilindi.
19-sentabrga oʻtar kechasi Saudiya Arabistoni hukumati husiychilarning mamlakat hududiga hujumlari kuchayishi fonida aholini ehtimoliy zarbalar xavfi haqida ogohlantirgandi. Bu sentabr oyi oʻrtalarida yuzaga kelgan eskalatsiya davridagi ilk shunday holat boʻldi.
Husiychilar Ar-Riyoddagi aynan qaysi obyektlar nishonga olinganiga aniqlik kiritmagan. Bayonotdan maʼlum boʻlishicha, Saudi Aramco neft kompaniyasining Yanbu shahridagi obyektiga ham zarba berilgan. Ushbu shahar Qizil dengiz sohilida joylashgan boʻlib, Saudiya neftini eksport qiluvchi asosiy markazlardan biri hisoblanadi. Husiychilar bu zarbalar Yaman poytaxti Sanoga qilingan hujumga javob ekanini taʼkidlagan.
Oʻz navbatida, Saudiya Arabistoni boshchiligidagi harbiy koalitsiya havo hujumidan mudofaa kuchlari husiychilar Ar-Riyod yoʻnalishida uchirgan raketani urib tushirgani, shuningdek, Saudiyaning boshqa shaharlariga qaratilgan hujumlarning oldini olganini maʼlum qilgan. Hujum oqibatlari haqida xabar berilmagan.
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi fonida Saudiya Arabistoni hamdaa Yamandagi husiychilar oʻrtasida harbiy harakatlar qaytadan boshlandi. Tehron tomonidan qoʻllab-quvvatlanuvchi husiychilar iyul oyida Saudiya Arabistonini dengizdan qamal qilishini eʼlon qilgan, keyinroq saudiyaliklarning tankerlari va energetika infratuzilmalariga zarbalar berishni boshlagandi.
Sentabr oyiga kelib husiychilar Bob-al-Mandab boʻgʻozi ustidan nazorat oʻrnatdi – bu Yaqin Sharqdagi neft tashiladigan asosiy yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Hoʻrmuz toʻsib qoʻyilganidan keyin Saudiya Arabistoni neft eksportining 75 foizini shu yoʻnalishga yoʻnaltirgandi.
Iyul oyidan buyon husiychilar Saudiya Arabistoni boʻylab bir necha bor zarbalar yoʻllagan, ammo hozirgacha mamlakat poytaxtiga hujum qilinmagandi.

















