Qirgʻiziston respublikasi prezidenti Sadir Japarov 14-sentabr kuni Bishkek shahridagi «Birdamlik saroyi»da davlat mukofotlarini topshirdi.
Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi matbuot xizmati xabar berishicha, taqdirlanganlar orasida Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev ham bor. U Qirgʻiziston respublikasining «Doʻstuk» ordeni bilan mukofotlandi.
«Mazkur yuksak mukofot Ahmadjon Meliboyevning adabiyot va jurnalistika sohasidagi koʻp yillik samarali faoliyati, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga qoʻshgan munosib hissasiga berilgan yuksak bahodir», deyiladi xabarda.
Ahmadjon Meliboyev 1946-yil 23-mart Qirgʻizistonning Olabuqa tumanida tugʻilgan.
Koʻp yillar «Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati» gazetasiga bosh muharrirlik qilgan, 2000-2004 yillarda prezident maslahatchisi, maslahatchi oʻrinbosari boʻlib ishlagan, keyinroq OʻzMU jurnalistika fakultetida dars bergan, 2018-yildan buyon «Jahon adabiyoti» jurnalida bosh muharrir sifatida faoliyat yuritmoqda.
Uning «Bir zaminda yashaymiz», «Umidli dunyo», «Yolgʻiz yashab boʻlmaydi», «Hushtakni kim chaladi?», «Xotin yoʻgʻida», «Torning choʻmichdan farqi», «Umr uchar yulduz», «Qirq beshinchi bekat», «Suvora sogʻinchi», «Safed Bulon hikoyalari» kabi kitoblari chop etilgan.











