Ğarbiy Avstraliyaning olis hududida yovvoyi ösimliklarning gullaş mavsumi boşlandi. Bu yil tabiat hodisasi Inyarrimanha Ilgari Bundara observatoriyasi hududida ayniqsa yorqin namoyon böldi.
Bunga qişning ilk davrida yoqqan yomğirlar sabab bölgan. Avstraliyaning qurğoqçil hududlarida yoğingarçilik miqdori bahorda bir yillik ösimliklarning qançalik köp unib çiqişiga katta taʼsir körsatadi. Namlik yetarli bölganda tuproqda uzoq vaqt saqlangan uruğlar deyarli bir vaqtda unib çiqişi mumkin.

Observatoriya atrofida Ptilotus turkumiga mansub binafşa gulli ösimliklar, qoğozsimon moyçeçaklar va Avstraliyaning maşhur çöl nöxati - Swainsona formosa kabi mahalliy turlar gullagan.
Hududda kamyob Calandrinia mirabilis ösimligi ham uçraydi. Ilgari Ğarbiy Avstraliya hukumati uni kam sonli populyatsiyalari sabab yuqori darajada muhofaza talab qiladigan ösimliklar qatoriga kiritgan. 2025-yilda esa observatoriya hududida uning yangi ösiş joylari aniqlangaç, muhofaza maqomi pasaytirilgan.

Observatoriya maydonining asosiy qismi tabiiy holatda saqlangan. CSIRO maʼlumotlariga köra, yöllar, binolar, antennalar va boşqa radioastronomik infratuzilma butun hududning 0,2 foizidan kam qismini egallaydi. Şu bois radioteleskoplarga yaqin joylarda ham tabiiy ösimlik qoplami saqlanib qolgan.

Inyarrimanha Ilgari Bundara yirik şaharlardan uzoqda joylaşgan bölib, radioastronomik kuzatuvlar uçun qulay hududlardan biri hisoblanadi. Bu yerda ASKAP va Murchison Widefield Array radioteleskoplari faoliyat yuritadi.

Şuningdek, observatoriya hududida xalqaro SKA-Low radioteleskopining Avstraliya qismi barpo etilmoqda. Loyiha doirasida 130 mingdan ortiq kiçik antenna örnatilişi rejalaştirilgan.












