NASA maʼlumotiga köra, surat 2026-yil 20-sentabrda Landsat 9’dagi OLI asbobi yordamida olingan. NASA va AQŞ Geologiya xizmati birgalikda foydalanadigan uşbu sunʼiy yöldoş Yer yuzasini kuzatadi.
«Örgimçak krateri» - Spider Crater Avstraliyaning Kimberli hududida joylaşgan. Zarba natijasida hosil bölgan butun tuzilma oval şaklda bölib, uzunligi taxminan 13, eni 11 kilometrni taşkil etadi.
Geologlar fikriça, örgimçakka öxşaş markaziy qism krater tubining zarbadan keyin qayta kötarilişi natijasida şakllangan. Uning oç rangli «oyoqlari» esa qumtoş tizmalaridir. Atrofdagi boşqa jins qatlamlari yemirilib ketgan, bu tizmalar esa saqlanib qolgan.
Olimlar dastlab mazkur tuzilmaning kelib çiqişi haqida turli taxminlarni ilgari surgan. Jumladan, uni vulqon faoliyati bilan boğlaganlar ham bölgan. Keyinçalik dala tadqiqotlarida kuçli zarba tölqinlari taʼsirida hosil böladigan, yelpiğiçsimon yoriqlarga ega konussimon tuzilmalar topilgan. Bu belgilar qadimiy meteorit zarbasidan dalolat beradi.
Tadqiqotçilar zarba taʼsiriga uçragan qumtoş tarkibidagi kvars va sirkon kristallarini ham laboratoriyada örgangan. Uşbu maʼlumotlar meteorit Yerga qanday burçak ostida kelib urilganini aniqlaşga yordam berişi mumkin.
Kraterning aniq yoşi hozirça maʼlum emas. Hududdagi toğ jinslari yoşiga asoslangan baholarga köra, u taxminan 600–900 million yil avval, keçki dokembriy davrida paydo bölgan.












