Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 15-sentabr kuni Oliy Rada kun tartibiga davlat byudjeti taqçilligini moliyalaştiriş uçun zarur bölgan yettita qonun loyihasi kiritilganini maʼlum qildi. Ularning aksariyati birinçi öqişda körib çiqiladi.
Zelenskiyning taʼkidlaşiça, uşbu hujjatlarning qabul qilinişi Ukrainaning xalqaro hamkorlaridan moliyaviy yordam olişi bilan boğliq. U ijobiy ovoz berişlar mamlakatga milliardlab dollar mablağ jalb qiliş imkonini berişini aytgan.
Prezident ayrim taşabbuslar «qiyin, yoqimsiz va ommabop bölmasligi» mumkinligini tan olgan. Uning sözlariga köra, hozirgi şaroitda bunday qarorlar mudofaa ehtiyojlarini taʼminlaş va mamlakatning tiklaniş imkoniyatlarini saqlab qoliş uçun zarur.
Ukraina Oliy Radasi rasmiy maʼlumotiga köra, mamlakat byudjeti xavfsizlik va mudofaa xarajatlarini moliyalaştirişda qariyb 23 mlrd yevro miqdoridagi taqçillikka duç kelgan.
Taqçillikni qoplaşning asosiy yöllari sifatida hamkor davlatlardan qurol-yaroğ körinişida töğridan töğri yordam oliş va xalqaro moliyaviy kömakni jalb qiliş körib çiqilmoqda.
Rada maʼlumotlariga köra, Ukrainaning xalqaro majburiyatlari bilan boğliq qonun loyihalari parlament tomonidan qöllab-quvvatlansa, mamlakat yaqin vaqt içida 12 mlrd dollardan ortiq mablağ olişi mumkin.
Zelenskiy avgust oyida Ukraina Mudofaa vazirligi byudjeti taqçilligini 27 mlrd dollar - 23 mlrd yevrodan ortiq miqdorda baholagandi. Kiyev bu mablağlarni harbiy xizmatçilar va ijtimoiy tölovlar, qurol-yaroğ xaridi hamda boşqa mudofaa ehtiyojlarini moliyalaştiriş uçun jalb qilişga harakat qilmoqda.












